Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi va O‘zbekiston-Xitoy savdo uyushmasi besh yil muddatga hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga uchinchi ishtirokchi — Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar qildi.

Tomonlar tadbirkorlik faoliyatiga o‘qitish sohasida O‘zbekiston va Xitoy do‘stona aloqalarini mustahkamlash hamda Xitoy investitsiyalari va texnologiyalarini jalb qilishga kelishib oldi.

Jumladan, O‘zbekiston-Xitoy savdo uyushmasi O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda ta’limiy dasturlar va tadqiqotlarni tashkil etish uchun grantlar jalb qilishda ko‘maklashadi.

Hamkorlikdagi anjuman, seminar, forum va loyihalarni amalga oshirish taklif qilinmoqda. Tadbirkorlik faoliyatiga o‘qitish sohasida o‘zbek va xitoy tadbirkorlari tajribalarini almashish yo‘lga qo‘yiladi.

Markaz tinglovchilari o‘qish yakunlari bo‘yicha biznes tashkil etish va O‘zbekiston banklaridan imtiyozli kreditlarni olish uchun Xitoyda ishlab chiqarilayotgan texnikalar bilan tanisha olishlari uchun kichik sanoat zonalarida Xitoy mini-texnologiyalari ko‘rgazma maydonchalarining doimiy faoliyat olib borishi bo‘yicha ham hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.