Toshkent shahar hokimligi tomonidan tadbikorlik sub’ektlarini ko‘llab-quvvatlash hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida davlat va xususiy sheriklikni rivojlantirish borasidagi yangi loyihaga qo‘l urildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, joriy yilning 14 iyul kuni 12:00dan 15:00ga qadar poytaxt hokimligi binosida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, tadbikorlik faoliyatini rivojlantirishga ma’sul idoralar rahbarlari hamda tadbikorlar va xorijiy investorlar ishtirokida amaliy uchrashuv o‘tkaziladi. Mazkur tadbir xususiy sektor vakillarining istiqbolli loyihalarini ko‘rib chiqish va hayotga tatbiq etishga qaratilgan.

Yangicha yondashuvda o‘tkazilayotgan ushbu uchrashuvda tadbikorlar va xorijiy investorlar Toshkent shahrini yanada ko‘rkam qilish, poytaxtda sanoat ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa barcha sohalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z loyihalari bilan ishtirok etishlari mumkin. Tadbirkorlardan loyihalarini slayd ko‘rinishida taqdim etishlari so‘raladi. Uchrashuv ochiq, xolis va shaffof o‘tishi kafolatlanadi.

Mazkur tadbirning muhim bir natijasi sifatida poytaxtda turar-joy binolarini qurishni rejalashtirgan tadbirkorlarga loyihalari tasdiqdan o‘tgach, Toshkent shahar hokimiyati zaxiradagi hamda bo‘sh yerlarni davlat sherikchiligi asosida ajratadi. Bunda davlat sherikchiligining ahamiyati shundaki, turar joy binolarining qurilishi tugatilgach, davlatga ularni sotishdan tushgan daromaddan foiz to‘lanmaydi, balki umumiy xonadonlarning 10−15 foizi hokimlik tasarrufiga o‘tkaziladi va ushbu xonadonlar chin yetim, nogiron, kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘q uy-joyga muhtoj aholi qatlamiga taqdim etiladi. Bu bilan ham shahar obodonchiligiga hissa qo‘shiladi, ham ko‘ngli yarimlarning ehtiyojini qondirishning muhim xayrli ish amalga oshiriladi.

Mazkur uchrashuv yakuni bo‘yicha shahar hokimligi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Toshkent shahar hokimligi tadbirkor va investorlardan ushbu uchrashuvda faol ishtirok etishlarinini so‘raydi.