2017 yilning 23 oktyabr kuni Urganch shahridagi 1-sonli umumiy o‘rta maktab hovlisida o‘zini «onangning dugonasiman» deb tanishtirgan begona ayol ushbu maktabning birinchi sinf o‘quvchisi Gulnoza Rahimberdiyevaning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) jami narxi 1 million 200 ming so‘mlik tilla ziraklari, sumkaga joylangan sport kiyimi va poyabzali, egnidagi kiyimlarini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudi raisi Murodjon Hasanov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Jinoyatchi ayol 2017 yilning 24 noyabri ayni tush chog‘i Urganch tumanidagi yana bir maktab hovlisida paydo bo‘lib, 1-sinf o‘quvchisi G. Baxtiyorovani to‘xtatib, o‘zini onasining dugonasi qilib ko‘rsatadi. So‘ngra «dugonasi"ning iltimosiga ko‘ra, qizalog‘ining quloqlaridagi ziraklarni onasiga eltib berish zarurligini aytadi. Unga ishongan G. Baxtiyorova narxi 1 million so‘mlik tilla taqinchoqlarini qulog‘idan yechib, notanish ayolning qo‘liga tutqazadi.

Oradan yana uch haftacha vaqt o‘tadi. 12 dekabr kuni bu qilmishlarga chek qo‘yildi. O‘shakuni viloyat markazidagi 1-sonli maktabga yana kelgan shumniyat kimsa jinoiy qilmish ustida qo‘lga tushdi.

Tergov tadbirlari asnosida Urganch shahri va shu nom bilan ataluvchi tumanning bir qator ilm maskanlarida o‘tgan yil kuz chog‘i ro‘y bergan davomli jinoiy harakatlar Xurshida Boboyeva tomonidan sodir qilingani ma’lum bo‘ldi. Bir qator tizimli jinoiy xatti-harakatlarni sodir etgan bu ayol Urganch tumanining «Oq oltin» mahallasida istiqomat qiladi, oilali, 2 nafar farzandning onasi, muqaddam sudlanmagan.

Sud jinoiy qilmish Jinoyat kodeksining o‘g‘irlikka taalluqli 169-moddasi 3-qismi «a» bandida bayon etilgan holatlar bo‘yicha amalga oshirilganiga e’tibor qaratdi.

Aynan shunday holatda shahardagi 1-sonli maktabda oxirigacha yetkazilmagan g‘ayriqonuniy qilmishni esa, jinoyatga suiqasd tarzida baholab, uni mazkur holatga daxldor Jinoyat kodeksining 25,169-moddasi 3-qismi bo‘yicha qayta malakaladi. Qilmishni yengillashtiruvchi holatlar ham inobatga olindi. Sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining yengilroq jazo tayinlashni nazarda tutuvchi 57-moddasi qo‘llanilgan holda, ushbu jinoyat uchun tayinlanishi zarur bo‘lgan uzoq yillik ozodlikdan mahrum etish jazosi ham sezilarli ravishda kamaytirildi.

Garchi qilmish ancha og‘ir, jiddiy va ijtimoiy jihatdan xavfli bo‘lsa-da, sudlanuvchi nisbatan oz muddatli ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi. Jabranuvchilarga yetkazilgan bir necha million so‘mlik mulkiy ziyonni qoplash majburiyati ham uning zimmasiga yuklatildi. Ayrim fuqarolar, jumladan, tilla buyumlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi F. Mahmudovaga ayblanuvchining gardanida qolib ketgan 550 ming so‘m miqdoridagi pulni fuqarolik sudiga murojaat qilish orqali undirib olish huquqi tushuntirildi.

Ashyoviy dalil deb qaralgan ayrim mol-mulklar, chunonchi, jabrlanuvchilarning muqaddam talon-toroj qilingan kiyim va poyabzallari, bir juft zirak X. Boboyeva tomonidan egalariga qaytarib berilgani inobatga olindi.