O‘zbekistonda yil boshidan buyon 41,239 mlrd so‘m asosiy kapitalga investitsiyalar o‘zlashtirilib, ularning 53,6 foizi (22,1 trln so‘m) jalb etilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lsa, korxona, tashkilot va aholining o‘z mablag‘lari hisobidan 46,4 foizi (19,1 trln so‘m) moliyalashtirildi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi Investitsiyalar va qurilish statistikasi boshqarmasi xabar qildi.

Asosiy kapitalga investitsiyalarning katta qismi, ya’ni jami investitsiyalarning 32,7 foizi korxona va tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan. Shuningdek, tijorat banklar kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari hisobidan 18,8 foiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va boshqa xorijiy investitsiya va kreditlar 12,1 foiz, aholi mablag‘lari 13,6 foiz, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 7,5 foiz, O‘zbekiston kafolati ostida xorijiy kreditlar 8,8 foiz, Respublika byudjeti 3,4 foiz va Davlat maqsadli jamg‘armalari 3,1 foiz, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan esa 0,02 foiz asosiy kapitalga investitsiyalar o‘zlashtirildi.


Eng yuqori o‘sish surati 2,3 marta ko‘payish Navoiy viloyatida kuzatildi. Bu asosan qimmatli metall konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha investitsiyalar bilan bog‘liq. Namangan viloyatinig o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 133,4 foiz o‘sishi asosan To‘raqo‘rg‘on tumanida issiqlik elektr stansiyasi qurilish bilan bog‘liq. Surxondaryo viloyatida ham yuqori o‘sish kuzatilib, ushbu hududdagi yirik investitsiya loyihalaridan Sherobod tumanida sement zavodining qurilishini keltirish mumkin.

Toshkent viloyatida ham yuqori o‘sish surati 147,8 foiz kuzatilib, bu hududda Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish bo‘yicha investitsiyalarning jadal o‘zlashtirilayotgani bilan bog‘lash mumkin. Buxoro viloyatida asosiy kapitalga investitsiyalar o‘tgan yilga nisbatan keskin tushishi — 59,1 foiz. Bu albatta o‘tgan yillarda ushbu hududda yirik investitsiya loyihasi — gazni qayta ishlash zavodi kompleksi qurilishi bo‘yicha investitsiyalarning katta bo‘lgani bilan izohlanadi.


Asosiy kapitalga investitsiyalarning o‘zlashtirilgan hajmi bo‘yicha hudular kesimida Toshkent shahri hamon yetakchilik qilmoqda. Ushbu hududda jami asosiy kapitalga investitsiyalarning 24,3 foizi o‘zlashtirildi. Shuningdek Buxoro viloyatida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan tushish kuzatilgan bo‘lsada, investitsiyalar hajmi bo‘yicha Respublikadagi ulushi Toshkent shahridan keyingi o‘rinda 11,0 foizni tashkil etmoqda.

Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 10,2 va 10,7 foizni tashkil etdi. Xorazm hamda Jizzax viloyatlarida investitsiyalarning respublikadagi ulushi 2,8 va 3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Sirdaryoda bu ko‘rsatkich bo‘yicha eng kami bo‘ldi — 1,8 foiz.

Asosiy kapitalga investitsiyalarning texnologik tarkibida qurilish montaj ishlari bo‘yicha 22,321 mlrd so‘m o‘zlashtirilgan bo‘lsa, mashina, uskuna va inventarlarga investitsiyalar 14,015 mlrd so‘m va boshqa xarajatlarga 4,9 mlrd so‘m o‘zlashtirildi.

Joriy davrda ham asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning aksariyat qismi yangi qurilishga yo‘naltirilgan. Yangi qurilishga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 24,324 mlrd so‘mni tashkil etib, jami o‘zlashtirilgan investitsiyalarning 59 foizini tashkil etdi. Iqtisodiyotda mavjud ob’ektlarni kengaytirish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash va texnik qayta qurollantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar 9,216 mlrd so‘mni tashkil etdi va Respublikada jami o‘zlashtirilgan investitsiyalarning 22,3 foizini tashkil etdi. Qolgan 18,7 foiz, ya’ni 7,688 mlrd so‘m boshqa xarajatlarga yo‘naltirildi.

Yangi qurilishga yo‘naltirilgan investitsiyalarning jami investitsiyalardagi ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Buxoro viloyatida kuzatilib, u 79,6 foizni tashkil etdi. Shuningdek, Samarqand viloyatida 77,5 foiz, Surxondaryoda 74,2 foiz, Navoiyda 73,2 foiz va Namanganda 70,6 foizni tashkil etdi.

Ushbu ko‘rsatkichning eng past darajasi Toshkent shahrida kuzatilib, u 38,1 foizni tashkil etdi.