Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining katta zalida Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev respublikadagi bolalar musiqa va san’at maktablari direktorlari ishtirokida majlis o‘tkazdi.

Majlis davomida Bolalar musiqa va san’at maktablarining binosi, hududi, jihozlari faqat maktab faoliyati va o‘quvchilar uchun xizmat qilishi lozimligi qat’iy belgilandi.

Bu masalaning ko‘tarilishiga sabab Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida joylashgan musiqa va san’at maktabi binosining bir qismi jihozlari bilan birgalikda prokratura, hokimiyat va boshqa tashkilotlar uchun foydalanishga topshirilgani va buning natijasida o‘quvchilar dars mashg‘ulotlarini kerakli jihozlarsiz o‘tkazayotganliklari bo‘ldi.

Viloyatlarda prezidentning bolalar musiqa va san’at maktablariga qaratayotgan e’tibori, zamonaviy mebel jihozlari bilan to‘liq ta’minlab berayotganini suiste’mol qilgan holda maktab binosini sud-huquq organlari tashkilotlariga ijaraga berilishi, bolalarning ko‘z o‘ngida sud jarayonlari o‘tkazilib, jinoyatchilarning kishanlab olib chiqib ketilishi mantiqqa to‘g‘ri kelmasligi aytib o‘tildi.