O‘zbekiston davlat konservatoriyasining katta zalida Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev respublikadagi bolalar musiqa va san’at maktablari direktorlari ishtirokida majlis o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 avgustda O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida xalq artistlari va boshqa taniqli adabiyot va san’at namoyandalari, shuningdek, so‘z ustalarini bolalar musiqa va san’at maktablari hamda ijodiy markazlar bilan hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilab berilgandi.

Belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi bolalar musiqa va san’at maktablari direktori lavozimiga ijodkor ziyolilar, davlat miqyosidagi unvonlarga sazovor bo‘lgan san’at vakillari tayinlandi.

Vazirlikning tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda kelishilgan qo‘shma qarori asosida har bir bolalar musiqa va san’at maktablariga direktor o‘rinbosari lavozimi ham joriy etildi. Lekin, afsuski, ushbu mas’uliyatli vazifadan bo‘yin tovlaydigan yoxud uni sidqidildan bajarmaydigan ba’zi ijodkorlar prezidentning ishonchini oqlamaganini vazir ta’kidlab o‘tdi.

Bu masalaning yechimini topish maqsadida vazir endilikda bolalar musiqa va san’at maktabiga direktor va uning o‘rinbosarlarini o‘zi tayinlashini hamda ularning faoliyati muntazam nazorat qilishini bildirdi.