Chirchiq daryosi sohillaridan olingan tasvirlarni ko‘rgan kishi biri-biridan tartibsiz, noqonuniy qurilgan binolar bosib ketganiga guvoh bo‘ladi. «Tadbirkorlar» go‘yoki suv atrofini obod qilyapmiz, degan soxta fidoyilik bilan bu yerdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishmoqda.

Dala hovli tarzida qurilgan mazkur uylarning aksariyati dam oluvchilarga xat-hujjatsiz, o‘ta qimmat narxlarda xizmat ko‘rsatayotgani hech kimga sir emas.

Belgilangan me’yorlarga ko‘ra, suv bilan qurilma oralig‘ida eng kamida 20 metr muhofaza hududi bo‘lishi lozim. Suv sathining hajmiga qarab bu ko‘rsatkich kattalashib boraveradi. Ko‘cha bo‘ylab yurarkansiz, «Dam olish joyi bor», «Basseyn bor», deya mijoz chorlayotgan ucharlarga ko‘zingiz tushadi. Shu kunlarda ularning bozori ancha chaqqonlashgan. Suv ustiga qurilgan shiyponlardan joy olish amrimahol. Ularning aksariyati shahardagi «puldorlar"ning biznes manbai hisoblanadi. Lekin mazkur holatni tartibga solish uchun mutasaddi tashkilotlarning mas’ullari o‘zlarini ko‘rmaslikka olayotganliklari kishini o‘ylantiradi.

Bo‘stonliq tumanining «Beshtut» ko‘chasida, sohil atrofida joylashgan dala hovlilarda, yakka tartibda qurilgan uy-joylarda, noqonuniy qurilmalarda kanalizatsiya tizimining yo‘qligi bois bulardan chiqayotgan iflos oqava suvlar quvurlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri daryoga oqizilyapti.

Lavhada ta’kidlanganidek, bu holat shu qadar xastpo‘shlanganki, uni ko‘rish uchun akvalang yollash zarur. Oqava suvlar daryoning pastki o‘zanidan oqib chiqqani uchun ularni bir qarashda payqash juda qiyin.

Qonunchilikka ko‘ra, suv bo‘yida kafe, restoran, dam olish choyxonalari yoki boshqa turdagi ob’ektlarni qurishning o‘z me’yorlari bor. Daryo yoki kanallarga tutash joylarda inshootlarni qurish mumkin emas. Shu jihatdan suv bo‘yida qasrmonand inshoot egalari «bu joy mening mulkim» deya, da’vo qilishdan avval amaldagi qonunlarni bir varaqlab qo‘yishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Chorvoq shaharchasi, «Beshtut» mahalla fuqarolar yig‘inida nafaqat daryo bo‘yini o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirish urf bo‘lgan, balki katta avtomobil qatnovi yo‘li atrofida ham noqonuniy qurilmalar qurish avj olgan. Me’yorlarga asosan aholi yashash manzillari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari avtomobil magistralidan kamida 50 metr masofada qurilishi belgilangan. Chorvoq shaharchasining mahallalarida bu tartib butkul unutilgan. Avtomobil yo‘lining shundoqqina yonida, uch qadam ham chiqmaydigan masofada hashamatli dala-hovlilar qad ko‘targan.

Turistik zonaning asosiy talablaridan biri yo‘l infratuzilmasining mukammalligidadir. Ya’ni qatnov yo‘llarida sayyohlarning xavfsizligi, ularning bexatar harakatlanishi ta’minlanishi, standart talablariga mos bo‘lishi kerak. Chorvoqda esa bu masala nazardan chetda qolgan. Yo‘l va qurilajak uy orasidagi masofa o‘lchab ham o‘tirilmay berilavergan. Oqibatda esa bugun ba’zi bir tushunmovchiliklar yuz beryapti.

Aholining xavfsizligi yuzasidan bu hududda istiqomat qiluvchilarga boshqa joylardan yer ajratilmoqda, noqonuniy qurilmalar bartaraf etilmoqda.

Tasvirdagi hudud mutasaddilarning mutlaqo e’tibordan chetda qolganini hatto simyog‘ochlar ham tasdiqlaydi. Elektr quvvati mavjud simyog‘ochning shundoq tagida yuzlab xonadonlar qurilgan va ularda odamlar istiqomat qilyapti. Me’yorlarga ko‘ra, bu kabi katta kuchlanishga ega simyog‘ochlar o‘rnatilgan hududlarda aholi yashashi ularning xavfsizligi nuqtai nazaridan mumkin emas.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Chirchiq daryosi Chotqol va Ugom tog‘ tizmalari orasida qurilgan Chorvoq suv omboridan boshlanadi. Turistik imkoniyatlari keng Chorvoq shaharchasi hududi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 5 dekabrdagi farmoni bilan «Chorvoq» erkin turistik zonasiga aylantirildi. Lavha davomida kuzatuv va o‘rganishlar hali bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talay ekani alohida ta’kidlanadi.