1 iyul holatida O‘zbekistonning sof oltin zaxiralari hajmi 26,648 mlrd dollarni tashkil etib, bir oy ichida 376,1 mln dollarga qisqarish kuzatildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.

Yalpi oltin-valyuta zaxiralari 27,66 mlrd dollar bo‘lib, undagi xorijiy valyutadagi aktivlar hajmi 13,818 mlrd (bir oy ichida 186 mln dollarga kamayish), monetar oltin — 13,842 mlrd dollarni (bir oy ichida 276 mln dollarga kamayish) tashkil etdi.

Iyun oyida yalpi oltin-valyuta zaxiralarining 463,1 mln dollarga pasayishi kuzatildi. Mazkur holat hisobot davrida asosan oltin narxining 1303,50 dan 1250,55 doll/tr unsiyaga pasayishi hisobiga yuzaga keldi (narxning oltin-valyuta zaxiralarining kamayishiga ta’siri — 573,5 mln dollar).

Oltin narxi pasayishi hisobga olinmaganda yalpi oltin-valyuta zaxiralari 110,4 mln dollariga oshdi.