2−8 iyul kunlari Xorvatiyaning Zagreb shahrida sport kurashlari bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. 10 iyul kuni musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan yosh polvonlar yurtimizga qaytib kelishdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ularni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi mutasaddilari, muxlislar, sportchilarning yaqinlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi.

Ta’kidlash o‘rinli, musobaqada yosh sportchilar mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etishdi. Bungacha O‘zbekiston terma jamoasi o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida birdaniga uchta oltin medalni qo‘lga kirita olmagandi.

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatida erkin kurash bo‘yicha Jamshid Ma’rupov oltin, Shahboz Komilov esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Yunon-rum kurashchilarimizdan esa Abror Atabayev va Lazizxon O‘zbekov oltin, Amir Sultonov bronza medaliga ega chiqishdi.

Sportchilarimiz Toshkent xalqaro aeroportidan ota-onalari va yaqinlari qurshovida usti ochiq avtobusiga chiqib, poytaxt ko‘chalari bo‘ylab o‘ziga xos chempionlar paradidan o‘tishdi.