Rossiyada o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatining ikkinchi yarimfinal bahsi ham bo‘lib o‘tdi. Xorvatiya terma jamoasi Angliya ustidan irodali g‘alabaga erishib, o‘z tarixida ilk bor finalda o‘ynaydigan bo‘ldi.

Ushbu uchrashuv oldidan ekspertlar Angliyaning imkoniyatlarini yuqori baholashgandi. O‘yin boshidanoq hisobni ochgan inglizlar bu taxminni oqlagandek edi. 5-daqiqada Tripper jarima zarbasini ajoyib tarzda bajarib, jamoasini oldinga olib chiqdi.

68-daqiqada Perishich o‘rtadagi farqni tenglashtirdi. Bu futbolchining o‘zi asosiy vaqtdayoq barcha masalani hal qilishi mumkin edi. Biroq Perishichning zarbasi ustunga tegdi.

Asosiy vaqt durang bilan yakunlangach, turkiyalik hakam Junayt Chaqir futbolchilarni qo‘shimcha bo‘limlarga taklif qildi. 109-daqiqada Manjukich jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Angliyaliklar harchand harakat qilishmasin, hisobni tenglashtira olishmadi.

Xorvatiya terma jamoasi mundial finalida Fransiyaga qarshi o‘ynaydi.

Xorvatiya — Angliya 2:1 (0:1, 1:0, 0:0)

Gollar: 0:1 — 5 Tripper, 1:1 — 68 Perishich, 2:1 — 109 Manjukich.

Xorvatiya — Subashich, Lovren, Strinich (Pivarich, 95), Vrsalko, Vida, Rakitich, Brozovich, Perishich, Modrich (Badel, 119), Rebich (Kramarich, 101), Manjukich (Chorluka, 115).

Angliya — Pikford, Uoker (Vardi, 112), Stounz, Yang (Rouz, 90), Maguayr, Alli, Lingard, Sterling (Reshford, 74), Henderson (Dayer, 97), Tripper, Keyn.

Ogohlantirishlar: Manjukich (48), Uoker (54), Rebich (96).