Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi 960 dan ortiq korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch barobarga ko‘p demakdir.

Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Suxrob Xolmurodov chet ellik va mahalliy sarmoyadorlarning investitsiya takliflarini ochiq muhokama qilish yagona maydonchasining birinchi uchrashuvida bu haqda ma’lum qildi.

Qo‘mita rahbari so‘zlariga qaraganda, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Qozog‘iston, Janubiy Koreya vakillari alohida faollik ko‘rsatmoqda. Afg‘oniston, Hindiston, Germaniya, Ukraina va Ozarbayjondan ham investorlar qiziqish bildirmoqda.

Xalqaro moliya institutlari va chet el hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larini jalb qilish sohasida faollashuv kuzatilmoqda.

«Yil boshidan buyon 1,5 mlrd dollarlik qarz va kreditlarni jalb qilish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

U to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni jalb qilishda ijobiy natijalar qayd etilayotganini ma’lum qildi — O‘zbekiston hududlarida ular ishtirokida 280 dan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.

«Har hafta muhokama uchun yangi sohani tanlab olayapmiz, masalan neft-gaz, kimyo, to‘qimachilik. Biroq ulardan mustaqil ravishda investorlarni qiziqtiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi», — dedi qo‘mita rahbari. U barcha xohlovchilar — investorlar, diplomatik missiyalar vakillari, tadbirkor doiralar vakillari, OAV xodimlari, O‘zbekiston va chet el fuqarolarini ishtirok etishga taklif qildi.

Maydonchaga vazirlik va mahkamalar, davlat birlashmalari rahbarlari, iqtisodiyot sohalariga javobgar mutasaddilar taklif qilinadi.