Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolari soni 2017 yilning shu davriga nisbatan qariyb 2 barobarga ortib, 2 million 688 ming 962 kishini tashkil etdi, deya xabar qildi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Vizasiz rejim joriy etilgan quyidagi davlatlardan tashrif buyuruvchilar soni keskin oshdi:

  • Turkiya — 31966 (+95,6%);
  • Yaponiya — 6200 (+68,1%);
  • Isroil — 3615 (+86,2%);
  • Indoneziya — 750 (3 barobardan ortiqroq);
  • Singapur — 424 (2,5 barobardan ortiqroq).

Iyunda Koreya Respublikasi (57,5 foiz) va Malayziyadan (2,6 barobarga) keluvchi fuqarolar sonining ortgani kuzatildi.

10 fevraldan O‘zbekiston 7 mamlakat: Isroil, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya fuqarolari uchun 30 kungacha muddatga vizasiz tartib joriy etgan edi. Bundan tashqari, 39 ta davlat fuqarolari uchun turistik viza rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartiblari joriy etildi.

15 iyuldan esa O‘zbekistonga elektron viza rasmiylashtirish bo‘yicha E-Visa.uz tizimi ish boshlaydi.