O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘zining Telegram-kanalida mamlakat OTMlarida to‘lov-kontraktlar miqdori oshirilganiga izoh berdi.

2018/2019 o‘quv yilidan kontraktlar miqdori o‘rtacha 18,5 foiz, ta’lim yo‘nalishidan kelib chiqqan holda esa 12,3 dan 24,7 foizgacha (jadval) oshdi.

Oliy ta’lim vazirligi oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish xarajatlarining asosiy qismini, ya’ni 91 foizini ish haqi va stipendiya to‘lovlari tashkil etishiga e’tibor qaratdi. Shu munosabat bilan to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati respublikadagi eng kam ish haqi miqdoriga bog‘landi va unga nisbatan karra barobarida belgilandi.

Amaldagi to‘lov-kontrakt qiymatlari 2016/2017 o‘quv yili uchun belgilangan bo‘lib, 2017/2018 o‘quv yilida ushbu qiymatlar o‘zgarishsiz qoldirildi.

Yuqoridagilarga asosan yangi o‘quv yilida to‘lov-kontrakt qiymati miqdorini indeksatsiya qilishda, asosiy omil sifatida, o‘tgan o‘quv yillarida stipendiya va ish haqi miqdorlarining 2016 yil 1 oktyabrdan 15 foizga, 2017 yil 1 dekabrdan 15 foizga oshgani, lekin to‘lov-kontrakt miqdorlarining oshirilmagani inobatga olindi.

Shu bilan birga, to‘lov-kontrakt miqdorini o‘rtacha 18,5 foizga oshirishda 2018 yil 15 iyuldan respublikada ish haqi va stipendiya miqdorlarining 7 foizga, 2018 yil 1 sentyabrdan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari oylik maoshlarini o‘rtacha 25 foizga oshirilganligini qisman qoplash lozimligi, aks holda yangi o‘quv yilining yakuniga kelib oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari bo‘yicha tegishli xarajatlar uchun mablag‘lar yetishmovchiligi kelib chiqishi ham hisobga olindi.

Bugungi kunda bir nafar talabani o‘qitishning o‘rtacha xarajati 10,5 mln so‘mni tashkil etgani holda, to‘lov-kontrakt qiymati miqdori o‘rtacha 8,7 mln so‘m etib belgilanmoqda.

Oliy ta’lim vazirligi talabalarga, ularning davlat granti yoki to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qishidan qat’iy nazar, har oyda stipendiya to‘lab borilishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Hozirgi vaqtda stipendiyaning o‘rtacha oylik miqdori 466 ming so‘mni yoki yiliga 5,6 mln so‘mni tashkil etadi va u o‘qitish qiymati miqdoriga to‘liq kiritiladi. Bunda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatining 45−80 foizini stipendiya tashkil etadi (talaba «a’lo» bahoga o‘zlashtirsa jami 7,5 mln so‘m stipendiya oladi), ya’ni talabaga o‘zi tomonidan o‘qish uchun to‘langan mablag‘ning taxminan yarmi yoki undan ko‘pi o‘quv yili davomida oylik stipendiya ko‘rinishida qaytariladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalarni va ularning ota-onalarini qiziqtirgan barcha savollarga, shu jumladan o‘qish uchun to‘lov shakli, talabalar va ularning ota-onalari tomonidan ta’lim olish uchun ish xaqidan yo‘naltiriladigan mablag‘larga qo‘llaniladigan imtiyoz va yengilliklar qo‘llash tartibiga taalluqli, shuningdek ta’lim krediti va boshqa savollarga yozma shaklda hamda davlat interaktiv xizmatlari orqali javob berishga tayyorligini ma’lum qildi (bog‘lanish uchun raqamlar va murojaat shakllari).