Toshkent shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqa doirasida erkaklar o‘rtasida -62 kg vazn toifasidagi sportchilar o‘rtasida bahslarda hamyurtimiz Adhamjon Ergashev dast ko‘tarishda 135 kg, siltab ko‘tarishda esa 160 kg toshni o‘ziga bo‘ysundira oldi. Umumiy hisobda 295 kg tosh ko‘targan Ergashev har uchala yo‘nalishda ham oltin medalga ega chiqdi, deya xabar beradi MOQ matbuot xizmati.

Qayd etib o‘tish lozimki, Adhamjon o‘z vaqtida o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni, o‘tgan yili kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida esa bronza medali sohibiga aylangandi.

Chempionatda qizlar o‘rtasida -63kg vazn toifasida bahslarga kirishgan Kumushxon Fayzullayeva bir yo‘la uchta medalga ega chiqdi. Hamyurtimiz dast ko‘tarishda 94 kg tosh ko‘tardi va bronza medalini qo‘lga kiritdi. Siltab ko‘tarishda esa 120 kg og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundira olgan Kumushxon oltin medal sohibasiga aylandi. Umumiy hisobda 214 kg natija ko‘rsata olgan Fayzullayeva ikkikurash yakunlariga ko‘ra ham oltin medalga sazovor bo‘lib, jahon chempioni bo‘ldi.

Ta’kidlash o‘rinli, Kumushxon Fayzullayeva O‘zbekiston tarixida og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan ilk ayol sportchiga aylandi.