Buxoro viloyatida «Buxoro-Agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni shu haqdagi qarorni imzoladi.

EIZda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini, jumladan, gidroponika texnologiyalarini qo‘llagan holda, klaster usuli asosida tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar jalb etish, shuningdek, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar qurish uchun konstruksiyalar, jihozlar va boshqa butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Ko‘chatzorlar, shuningdek, birlamchi urug‘chilikni tashkil etish uchun sharoitlar yaratish orqali issiqxona xo‘jaliklarini talabi katta, yuqori hosildorlikka ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ va ko‘chatlari bilan ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish EIZning asosiy vazifalaridan.

«Buxoro-agro» EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati u tashkil etilgan kundan boshlab, mazkur muddatni keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi. EIZning faoliyat ko‘rsatishi muddati mobaynida uning hududida alohida soliq va bojxona rejimlari amal qiladi. EIZ ishtirokchisi maqomi Buxoro viloyati Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashining qarori bilan beriladi.

EIZ hududida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish xalqaro moliya institutlari, loyiha tashabbuskorlari mablag‘lari, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, shuningdek, tijorat banklari kreditlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda loyiha tashabbuskorining loyihani amalga oshirish uchun jalb etilayotgan o‘z mablag‘lari miqdori tegishli loyiha umumiy qiymatining 25 foizidan kam bo‘lishi mumkin emas.