Toshkentda chorshanba kuni zamonaviy ko‘chaga aylantirish rejalashtirilayotgan Amir Temur shoh ko‘chasida ajratuvchi to‘siqlarni olib tashlash ishlari boshlandi.Prospektning Osiyo ko‘chasi bilan kesishmasidan Kichik halqa yo‘lidagi yo‘l o‘tkazgichgacha bo‘lgan qismida nafaqat harakat yo‘nalishlarini ajratib turuvchi to‘siqlar, balki prospekt chetidagi panjaralar ham olib tashlanmoqda. Kelgusida boshqa qismlardagi to‘siqlar ham demontaj qilinadi.

Avval xabar qilinganidek, Rossiyaning KB Strelka kompaniyasi ishtirokida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida shoh ko‘cha to‘liq qayta rejalashtiriladi. Qatnov yo‘laklari soni optimallashtiriladi (hozirda turli uchastkalarda ular soni turlicha), xavfsiz piyodalar o‘tish joylari, qulay piyodalar yo‘laklari, veloyo‘laklar, avtomobil qo‘yish joylari tashkil etilib, yangi daraxtlar o‘tqaziladi.

Amir Temur shoh ko‘chasi kelgusida O‘zbekiston poytaxtidagi ko‘chalar va jamoat hududlarini modernizatsiya qilishda namuna bo‘ladi.

Toshkent hokimiyati vaqtinchalik noqulayliklar uchun shaharliklardan uzr so‘radi.