Toshkentning doimiy aholisi soni 2018 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha 2 million 485,9 ming kishini tashkil etib, 21 ming kishiga yoki 0,9%ga o‘sgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar qildi.

Yanvar-iyun oylarida 21 ming bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda tug‘ilish koeffitsiyenti 1000 aholiga nisbatan 17,1 promilleni tashkil etdi va 2017 yilga nisbatan 0,6 ga (2017 yilning mos davrida — 16,5 promille bo‘lgan) o‘sdi. Birinchi yarim yillikda 8 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, shundan 300 nafari 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soniga to‘g‘ri kelmoqda. O‘lim koeffitsiyenti 6,5 promilleni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,3 ga kamaydi (2017 yilning mos davrida — 6,8 promille bo‘lgan). Poytaxt aholisining tabiiy o‘sishi 13,0 ming kishini tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 1,3 ming kishiga o‘sishi (2017 yilning mos davrida 11,7 ming kishi bo‘lgan) kuzatildi.

FHDYO organlarida yanvar-iyun oylarida 7,7 mingta nikoh va 2 mingta nikohdan ajralishlar qayd etildi. 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsiyenti 6,2 promilleni tashkil qilib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,5 ga o‘sdi (2017 yilning mos davrida — 5,7 promille bo‘lgan). Nikohdan ajralish koeffitsiyenti 1000 aholiga nisbatan 1,7 promilleni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,2 promillega (2017 yilning mos davrida 1,5 promille bo‘lgan) o‘sgan.