Birinchi yarim yillikda prokuratura organlari tomonidan ta’lim tizimida korrupsiya, firibgarlik va mansab vakolatini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha 83 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti bo‘lim boshlig‘i «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturiga ma’lum qildi.

Jami jinoiy ishlarining 16 tasi umumta’lim maktablari, 31 tasi OTMlar hamda 36 tasi kollej va litseylarga aloqador.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, korrupsiya holatlari asosan (49 holatda) OTMlarga hujjat qabul qilish jarayoni boshlanishigacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi.

Departament xodimlari yanvarda 5 ta, fevralda — 16 ta, martda — 11 ta, aprelda — 10 ta, mayda — 16 ta va yoz boshlangandan buyon — 22 ta holatni aniqladi.

O‘quv muassasaga ishga qabul qilishda ta’magirlik holatlari qayd etilmoqda (kollej va litseylarda — 4 ta, maktablarda — 8 ta).

Imtihon baholarini qo‘yish, diplom va attestatlarni olishda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘yilgan. OTMlarda 4 ta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida — 12 ta, maktablarda 2 ta shunday holat qayd etilgan.

Shu kabi holatlardan birida Toshkentdagi 247-maktab direktori birinchi sinfga qabul qilish uchun 500 ming so‘m pora olayotganda ushlandi.

Boshqa holatda esa Chilonzor tibbiyot kollejining 1-bosqich o‘quvchisi tanishi orqali qiz bolani ikkinchi mutaxassislikka qabul qilishga yordamlashaman deb 500 dollar olayotganda qo‘lga tushdi.

15 ming dollar evaziga yosh yigitni tanishlar orqali Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga o‘qishga kiritib qo‘yamiz deya va’da qilgan fuqarolar To‘laganova va Toshpo‘latova ham javobgarlikka tortildi.

Toshkent davlat pedagogika universiteti kafedra laboranti Boboyev esa jismoniy tarbiya fakultetiga kiritib qo‘yishga va’da qilib, 8000 dollar olayotganda ushlandi.

Mazkur OTMning boshqa bir xodimi, kafedra dotsenti v. b. Ahmadaliyev OTMga kiritib qo‘yish uchun 4000 dollar so‘ragan. U bo‘nak tariqasida 2000 dollar olayotganda ushlandi.

Bosh prokuratura fuqarolarni poraxo‘rlik va ta’magirlik holatlari haqida 10−07 va 233−10−07 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishga chaqirdi.

Video