Islom taraqqiyot banki prezidentining fan, texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi professor Hayat Sulaymon Sindi O‘zbekiston Innovatsiya vazirligiga tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha a’zo davlatlarning hamkorlikdagi harakati konsepsiyasini ishlab chiqishda ITB imkoniyatlaridan foydalanish haqida muzokara olib borildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar berdi.

Shuningdek, yuqori ishlab chiqarish quvvatiga ega oltita kompyuter markazlaridan birini O‘zbekistonga joylashtirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish doirasida ITB bilan hamkorlik o‘rnatish va shu markaz bazasida Yosh olimlarning xalqaro islom markazini yaratish masalasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, Al-Xorazmiyning boy merosini ulug‘lash va ommalashtirish maqsadida yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi tashkil etish uchun moliyaviy-texnik va konsultativ ko‘mak kerakligi ta’kidlandi. Muqobil energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi ham tajriba-innovatsion, ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish lozimligiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Sindi xonim Innovatsiya vazirligi tomonidan taklif qilinadigan loyihalarni ko‘rib chiqib, ularning muhimligiga qarab ITB tomonidan kreditlar, zayomlar, grant yoki boshqa maxsus mablag‘lar ajratilishi mumkinligini aytdi.

Hozirgi kunda Islom taraqqiyot bankiga 57 ta davlat a’zo bo‘lib, tashkilot mana shu a’zo-davlatlarning rivojlanishiga ko‘mak berib kelmoqda. Moliyaviy ko‘mak samarasini kuchaytirish maqsadida bank turli sohalarga o‘z e’tiborini qaratib kelmoqda, jumladan innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish ham diqqat markazida bo‘lgan yo‘nalishlardandir.