O‘zbekiston doimiy aholisi soni 1 iyul holatiga 32,9 million kishini tashkil etib, yanvar-iyun oylarida 243,4 ming kishiga yoki 0,7%ga o‘sgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar qildi.

Shahar aholisi soni 16 million 646,1 ming kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,6%), qishloq aholisi soni 16 million 254 ming kishini (49,4%) tashkil etdi.

1 iyul holatiga eng ko‘p aholi soni Samarqand viloyatida — 3 million 753,3 ming kishini (respublika aholisi sonidagi ulushi 11,4%ni) va Farg‘ona viloyatida 3 million 644,9 ming kishini (11,1%), aksincha eng kam aholi soni Navoiy viloyatida 964,7 ming kishi (2,9%) va Sirdaryo viloyatida 821,9 ming kishini (2,5%) tashkil etdi.

Hududlar kesimida aholining eng yuqori o‘sish sur’ati 2017 yilning mos davriga nisbatan Surxondaryo viloyatida 2,1 foizni, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida 2,0%ni, Jizzax viloyatida 1,9%ni, Namangan viloyatida 1,8%ni, aksincha eng kam o‘sish sur’ati Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1,4%ni va Toshkent viloyatida 1,2%ni tashkil etdi.

Tug‘ilish va o‘lim

2018 yilning yanvar-iyun oylarida 324,3 mingta bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib (bu yerda va bundan keyin tug‘ilganlarga faqat tirik tug‘ilganlar inobatga olingan), mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 20 promilleni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,5 promillega oshgan (2017 yilning yanvar-iyun oylarida 19,5 promille bo‘lgan).

Tug‘ilish koeffitsiyenti 2017 yilning mos davriga nisbatan Samarqand (21,0 promilledan 22,9 promillega) va Qashqadaryo (21,4 promilledan 22,4 promillega) viloyatlarida sezilarli o‘sgan bo‘lib, aksincha sezilarli kamayish Navoiy (19,8 promilledan 19,1 promillega) va Xorazm (16,7 promilledan 16,2 promillega) viloyatlarida kuzatildi. Jami tug‘ilganlarning 31,6%i onaning 1-farzandi, 36,6%i onaning 2-farzandi va 31,8%i onaning 3-va undan yuqori farzandlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Jami 324,3 ming nafar bola tug‘ilgani qayd etilgan bo‘lib, shundan onasining yoshi bo‘yicha tug‘ilganlarning 120,6 ming nafari (jami tug‘ilganlarga nisbatan 37,2%) 20−24 yoshlardagi ayollar, 115,8 ming nafari (35,7%) 25−29 yoshlardagi ayollar, 58,5 ming nafari (18,0%) 30−34 yoshlardagi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Yanvar-iyun oylarida 75,6 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 4,7 promilleni tashkil etdi, 2017 yilning mos davriga nisbatan 0,2 promillega kamaydi (2017 yilning yanvar-iyun oylarida 4,9 promille bo‘lgan).

O‘lim koeffitsiyenti 2017 yilning mos davriga nisbatan birgina Toshkent viloyatida (5,7 promilledan 5,8 promillega) o‘sgan bo‘lib, sezilarli darajada kamayishi Navoiy (4,7 promilledan 4,2 promillega) Farg‘ona (5,0 promilledan 4,5 promillega), Xorazm (4,6 promilledan 4,1 promillega) Namangan (4,8 promilledan 4,4 promillega) va Andijon (5,5 promilledan 5,1 promillega) viloyatlarida kuzatildi. Jami vafot etganlarning 7,3%i mehnatga layoqatli yoshdan kichik yoshdagilarga (2017 yilda 7,8%), 26,7%i mehnatga layoqatli yoshdagilarga (2017 yilda 26,7%) va 66,0%i mehnatga layoqatli yoshdan katta yoshdagilar (2017 yilda 65,5%) hissasiga to‘g‘ri keldi. 2018 yilning yanvar-iyun oylarida vafot etganlar soni 2017 yilning mos davriga nisbatan 3,1 ming kishiga kamaydi.

Qayd etilgan vafot etganlarning 61,3%i qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,3%i o‘simtalardan, 5,6%i baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 5,5%i ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 4,3%i nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 1,5%i yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 12,5%i boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soni 3,5 ming nafarni tashkil etib, ularning 59,6%i perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 16,8%i nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 12,9%i tug‘ma anomaliyalardan, 2,2%i baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 2,0%i yuqumli va parazitar kasalliklardan, 0,8%i ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan va 5,7%i boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Nikoh va ajrimlar

Yanvar-iyun oylarida FHDYO organlari tomonidan 104,9 ming nikoh qayd etildi, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsiyenti 6,5 promilleni tashkil etdi. Tuzilgan nikohlar soni 2017 yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo (122,4%), Jizzax (121,7%), Andijon (118,0%), Farg‘ona (114,9%) va Toshkent (114,8%) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

FHDYO organlari tomonidan 16,4 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsiyenti 1 promilleni tashkil etdi. Ajrimlar soni 2017 yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo (126,7%), Andijon (120,8%), Sirdaryo (112,7%), viloyatlariga va Toshkent shahriga (114,5%) to‘g‘ri kelmoqda. 2017 yilning mos davriga nisbatan sezilarli kamayish Xorazm (30,9%) va Navoiy (10,1%) viloyatlarida kuzatildi.

Migratsiya

Yanvar-iyun oylarida respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 83,3 ming kishini (82 ming kishi respublika hududlaridan, 1,3 ming kishi xorijiy mamlakatlardan), ko‘chib ketganlar soni esa 88,6 ming kishini (82 ming kishi respublika hududlariga, 6,6 ming kishi xorijiy mamlakatlarga) tashkil etdi.

Migratsiya saldosi minus 5,3 ming kishi bo‘lib, 2017 yilning mos davrida minus 9,6 ming kishi bo‘lgan. Migratsiya saldosining yuqori darajasi Toshkent viloyatida (minus 2,6 ming kishi), Qashqadaryo viloyatida (minus 2,1 ming kishi), Qoraqalpog‘iston Respublikasida (minus 1,7 ming kishi) qayd etildi.

Migratsiya saldosining yuqori darajasi Toshkent (minus 2600 kishi) va Qashqadaryo viloyati (minus 2100), shuningdek Qoraqalpog‘istonga (minus 1700) to‘g‘ri kelgan.