Turkiya shimoli-g‘arbida yuz bergan temiryo‘l halokati natijasida 24 kishi vafot etdi, 124 kishi shifoxonada davolanishda davom etmoqda. Bu haqda NTV telekanali mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Ahmad Demirjanga tayanib xabar berdi, deyiladi RIA Novosti ma’lumotida.

Sal ilgari Tekirdog‘ provinsiyasida besh vagonning relsdan chiqib ketishi natijasida 10 kishi halok bo‘lgani va 73 kishi jarohatlangani aytilgandi.

Ta’kidlanishicha, Turkiya vaqti bilan dushanba kuni ertalab 6.00 da qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlandi.

Turkiyaning transport, yuk tashish va aloqa vazirligi bergan bayonotga ko‘ra, mamlakat shimoli-g‘arbida yuz bergan temiryo‘l halokatiga kuchli yomg‘ir tufayli temiryo‘l ostidagi yerning nobop holga kelib qolgani sabab bo‘lgan. Og‘ir tan jarohati olganlarni evakuatsiya qilish vertolyotlar va traktorlar yordamida amalga oshirildi. Chunki halokat yuz bergan joyga boshqa transport vositalarining kelishi qiyin bo‘lgan.

Hurriyet gazetasining ma’lumotiga ko‘ra, avariya yuz bergan Istanbul va Edirne uchastkalari o‘rtasidagi temiryo‘l yaqinda xususiylashtirilgan edi. Natijada temiryo‘l holatini kuzatuvchi xodimlar soni qisqartirildi. May oyida asosiy muxolifatdagi Xalq respublikasi partiyasi hukumatga nima uchun parlamentning Istanbul va Edirne o‘rtasidagi temiryo‘l ko‘prigi qurilishidan voz kechganini so‘rab, murojaat qilgandi. Hukumat esa uzoq vaqt davomida boshqa temiryo‘llarning harakatini to‘xtatish imkoni yo‘qligi sababli ko‘prik qurilishi bekor qilinganini bildirgandi.

Huquq-tartibot organlari mazkur avariya yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlab yubordi. Uning natijasida halokatga uchragan poyezdning ikki mashinisti qo‘lga olindi.