Toshkent ikkilamchi kvartira bozorining o‘rtacha narxlari iyun oyida bir oy avvalgiga nisbatan 2 foizga arzonlashib, kvadrat metri uchun 620 dan 610 sh. b. ga tushdi. Bu haqda CREDO MAX ESTIMATION baholash kompaniyasi «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Iyun yakunlariga ko‘ra, g‘ishtli turdagi kvartiralar narxi 2 foizga pasayib, 644 sh. b. ga yetgan bo‘lsa, panel turdagilari narxi ham 2 foizga arzonlashib, 585 sh. b. ga yetdi.

Xonalar soniga nisbatan narx takliflari quyidagicha: bir xonali kvartiralar — 618 sh. b. (+2 foiz), ikki xonali — 598 (-2 foiz), uch xonali — 608 (-3 foiz), to‘rt va undan ortiq xonali — 631 (+2 foiz).

Shahar tumanlari kesimida 11 tumanning 5 tasida o‘rtacha narxlarning pasayishi qayd etildi, 5 ta tumanda esa o‘sdi.

Eng arzon o‘rtacha narx Bektemir tumanida — 445 sh. b., eng yuqorisi esa Mirobod tumanida — 721 sh. b. qayd etildi.