8 iyul kuni taxminan 17:30 da Toshkentning Shayxontohur tumanidagi «Fleshka» («Malika») savdo majmuasi hududida telefonlar sotuvchisi N.A. (1988 y. t.) va tashrif buyuruvchi A.Sh. (1989 y. t.) o‘rtasida janjal kelib chiqdi, deya xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Natijada muqaddam sudlangan A.Sh. sotuvchining ko‘krak qismiga tan jarohati yetkazadi va o‘z avtomashinasida voqea joyidan qochib ketadi. Jarohat olgan sotuvchiga Yunusobod tumanidagi 7-shahar klinik shifoxonasida tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tezkor-surishtiruv ishlari natijasida gumonlanuvchining shaxsi va boshqaruvida bo‘lgan avtomobil davlat raqami aniqlandi. Hozirda gumondor qo‘lga olingan.

Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro janjal sotuvchi va uning opasi o‘rtasida kelib chiqqan. Ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.