3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIB binosi dahlizida tezkor vakil San’at Umarov va boshqalar ayol kishini o‘g‘irlik qilganlikda ayblab haqorat qilgan va yechinishga majburlagan. Umarov ushbu jarayonni videoga yozib olgan, tasvir keyinchalik «Ozodlik» radiosiga kelib tushgan. Shu kunning o‘zida jinoiy ish ochildi.

Voqea keng jamoatchilik e’tiborini jalb qildi va tizimdagi jiddiy muammolar haqidagi fikrlar yangray boshladi. Yakshanba kuni bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari jabrlangan ayolning uyiga bordi.

Bu ayolga psixolog Shahnoza Mamayusupova biriktirilgan bo‘lib, u orqali ayolning ruhiy holati o‘rganilmoqda. Tergov va sud jarayonlarida huquqiy va yuridik masalalarda jabrlanuvchiga advokat Azamat Ashurboyev yordam beradi. Ayolning holatidan hamshira Nilufar Hayitova va «Olmazor» mahalla fuqarolar yig‘ini vakili xabardor bo‘lib turadi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi taklifi bilan Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida ayollar uchun uncha katta bo‘lmagan kanselyariya mollari do‘konini tashkil etdi. Ikki nafar voyaga yetmagan bola karate to‘garagiga a’zo bo‘ldi. Mahalliy tadbirkorlar va mahalla aholisi u yashaydigan uyni ta’mirlashni boshlab yuborishdi.

Tanzila Narbayeva «Gazeta.uz» muxbiriga bergan intervyusida nima uchun ayolning huquq-tartibot organlariga ariza bilan murojaat qilmaganini (aslida esa Bosh prokuratura 22 iyun kuni murojaat bo‘lganini bildirgandi), shuningdek, kelajakda bu singari hodisalar bo‘lmasligi uchun nimalar qilish kerakligini aytdi.

Uydagi gap ko‘chaga olib chiqilmaydi

«Xotin-qizlar qo‘mitasi hodisa aniqlanganidan beri bu ayolga yordam berib kelmoqda. Uning shu paytgacha uch marta sud qilingani va ro‘yxatda turgani San’at Umarovning harakatlarini oqlamaydi. Biz bo‘linmalar faoliyatini tahlil qildik. Ular ayol bilan ishladi. Ammo tizimdagi muammolarni ko‘rsatib beruvchi ushbu hodisa yuz berdi».

«U ariza bilan murojaat qilmagan. Jinoiy ish tezkor xodim tomonidan suratga olingan video tarqalganidan so‘ng ochildi. Jabrlanuvchi hali-hamon hech kim bilan gaplashmayapti. U mazkur voqea o‘zi uchun sharmandalik ekanini aytmoqda. O‘zbek ayollari bunday faktlar haqida hatto o‘z yaqiniga ham aytmaydi. Jabrlanuvchi bu haqda indamaslikni ma’qul ko‘radi. Bizning ayollarda uydagi gapni tashqariga olib chiqmaslik odati bor. Buni o‘zgartirish kerak. Qo‘mitaning 25 yillik faoliyati haqida gapirganda ayollar bilan individual ish olib borilmaganini tan olish kerak. Bu yildan biz mazkur tizimni o‘zgartirdik: 95 foiz ish joylarda, 5 foizi kabinetda».

Endi nima bo‘ladi?

«Xotin-qizlar qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligi bilan «yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqmoqda. Unga IIVga qo‘yidagi talablar kiritiladi:

Birinchidan, ayol kishi biror holat yuzasidan ayblanganida yoki shubha ostiga olinganida, tergov jarayoniga jamoatchilik vakillarini jalb etish zarur. Ayol kishi har qanday holatda ham ichki ishlar organlariga murojaat qiladi — jabrlanuvchi (birinchi navbatda) sifatida ham, ayblanuvchi sifatida ham. Ikkita holatda ham, masalan mahalla, Yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlardan jamoatchi himoyachi qatnashishi kerak.

Ikkinchidan, jazoni o‘tash muassasasida bo‘lib turgan ayollar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkaziladi: ular u yerdagi vaziyatni qanday baholaydi, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan zo‘ravonlik qilingani yuzasidan shikoyat bormi? Shu orqali nimaning ustidan ishlash kerakligi borasida xulosa chiqarib olinadi.

Uchinchidan, barcha tergov nuqtalariga videokamera o‘rnatish. Bu jarayon allaqachon boshlandi.

To‘rtinchidan, kadrlar muammosini hal qilish. Xotin-qizlar qo‘mitasi IIVga aholi bilan to‘g‘ri muloqot qilish va ayollarni so‘roq qilish yuzasidan kadrlar tahlili bo‘yicha o‘z tavsiyalarini beradi. Nafaqat ayollar, balki bolalar uchun ham. Bundan so‘roqlar paytida psixolog va jamoatchi himoyachining ishtiroki ta’minlanishi shart. Har qanday ayblanuvchiga (faqat ayollar uchun emas) nisbatan qo‘pollik va noma’qul muomala bo‘lishining oldini olish uchun kadrlar tayyorlash tizimini ko‘rib chiqish lozim. Asosiy e’tiborni inson huquqlari va erkinliklari, etika va muomala madaniyatiga qaratish zarur.

IIV tarkibida ayollar sonini ko‘paytirish kerak — umumiy xodimlar sonining 20 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda. Mazkur holat IIV uchun tizimni chuqurlashtirilgan ko‘rinishda tahlil qilish uchun asos bo‘lishi zarur.

Beshinchidan, IVV va boshqa huquq-tartibot organlari bizga bunday vaziyatlar yuzasidan axborot berishi kerak. Biz birinchi navbatda oilaga kelib, ularga yordam berdik".

Qanday amaliy ishlar qilinmoqda?

«Prezidentning 2 fevraldagi farmoniga ko‘ra Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘zining faoliyat doirasida islohot o‘tkazmoqda va mahallalarda to‘laqonli ishlash imkoniyatini bermaydigan eskicha ish tizimini o‘zgartirmoqda. Bunga qadar tumanda ikki kishi ishlar edi. Xodimlar shtati ko‘paytirildi. «Oila» markazining bo‘linmalari tashkil etildi.

Prezidentning 2 iyuldagi farmoniga asosan «Suiqasdning oldini olish va zo‘ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish va asrash bo‘yicha Respublika markazi» tashkil etildi. Markaz qiyin ijtimoiy sharoitlarda, shu jumladan oilaviy muammolar va oiladagi zo‘ravonlikka duch keladigan odamlarga anonim ko‘rinishda tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatadi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi «Umid» ijtimoiy moslashuv markazi yoki har bir tumanda boshpana tashkil qiladi. U yerda psixologik, huquqiy maslahat, tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Ayollarning boradigan joyi bo‘lmasa, yangi uy joy topgunga qadar bu yerda bir necha kun qolishlari mumkin.

Uch oy ichida «Uy ichida zo‘ravonlikning oldini olish» bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlanadi.

O‘zbekiston bo‘ylab 60 mingdan ziyod ayollar qiyin ahvolda yashamoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 131 ming nafar ayol ish bilan ta’minlandi, mingdan ziyodi birinchi yarim yillikda kvartira bilan ta’minlandi hamda yil oxiriga kelib ayollar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 1,5 ming nafar ayol uy-joy bilan ta’minlanadi".