Rossiyada o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatining chorak final bahslari rasman yakunlandi. Bu bosqichning so‘nggi o‘yinida Rossiya va Xorvatiya terma jamoalari maydonda saf tortdi.

Ta’kidlash o‘rinli, Rossiya terma jamoasi joriy mundialni yuqori saviyada o‘tkazdi. Nimchorak finalda ispanlarni penaltilar seriyasiga ko‘ra mag‘lub etgan mezbonlar xorvatlarga xuddi shu tarzda mag‘lub bo‘lishdi.

Bahs mezbonlar uchun yaxshi boshlandi. 31-daqiqada Denis Cherishev o‘zining chempionatdagi 4-golini kiritgan holda hisobni ochdi. Oradan 8 daqiqa o‘tib Kramarich oradagi farqni tenglashtirdi.

Ikkinchi bo‘limda jamoalarga boshqa gol kiritish nasib etmadi va hakam qo‘shimcha daqiqalarga start berdi.

100-daqiqaga kelib Vida Xorvatiyani hisobda oldinga olib chiqdi. Uchrashuv shu ko‘rinishda tugaydiganday tuyulgan bir vaziyatda Fernandes hisobni tenglashtirdi.

Penaltilar seriyasida Smolov va Fernandes aniq harakat qila olmadi. Natijada Xorvatiya yarimfinalga yo‘l oldi va ular bu bosqichda Angliya termasiga qarshi maydonga chiqishadi.

Rossiya — Xorvatiya 2:2 (1:1, 0:0, 0:1, 1:0), penaltilar bo‘yicha — 3:4

Gollar: 1:0 — 31 Cherishev, 1:1 — 39 Kramarich, 1:2 — 100 Vida, 2:2 — 115 Fernandes.

Rossiya — Akinfeyev, Kutepov, Kudryashov, Fernandes, Ignashevich, Kuzyayev, Zobnin, Golovin (Dzagoyev, 102), Samedov (Yeroxin, 54), Cherishev (Smolov, 67), Dzyuba (Gazinskiy, 79).

Xorvatiya — Subashich, Lovren, Strinich (Pivarich, 74), Vrsalko (Chorluka, 97), Vida, Perishich (Brozovich, 63), Rakitich, Modrich, Rebich, Kramarich (Kovachich, 88), Manjukich.

Penaltilar seriyasi: 1:0, 1:1, 2:1, 2:2, 3:2, 3:3, 3:4.

Ogohlantirishlar: Lovren (35), Strinich (38), Vida (102), Gazinskiy (109), Pivarich (114).