Bunyod Bahromovich Bahrombekov Yoshlar ittifoqi raisining o‘rinbosari — «Yoshlar — kelajagimiz» fondining ijrochi direktori etib tayinlandi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga Bosh prokuraturadan ma’lum qilindi.

Bunyod Bahrombekov (1986 y. t.) O‘zbekiston Milliy universitetini (2009 yilda) tamomlagan. Shu yilning o‘zida Hamza (hozirgi Yashnobod) tuman prokuraturasida mehnat faoliyatini boshlagan.
Toshkentning prokuratura organlarida turli vazifalarda ishlagan. Hamza tuman prokuraturasida tergovchi, katta tergovchi (2010 yildan), Toshkent prokuraturasidagi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda prokurorning vakolatlarini ta’minlash bo‘yicha bo‘lim prokurori (2014 yildan), Bosh prokuraturaning jinoyat protsessida prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmasida prokuror va katta prokuror (2015 yildan) vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan.

Joriy yilda bosh prokuraturaning Xalqaro-huquq boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarligiga tayinlangandi.

«Yoshlar — kelajagimiz» fondi prezident Shavkat Mirziyoyevning 27 iyundagi farmoni bilan tashkil etildi. Juma kuni Xalqaro press-klub yig‘ilishida qatnashgan Bunyod Bahrombekov fond «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturini moliyalashtirish uchun 800 milliard so‘m olishini ma’lum qildi.

Fond mablag‘lari tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish, Davlat dasturi doirasida olinadigan kreditlar bo‘yicha kredit hajmining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafilliklar berish, Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalarida ular qiymatining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ishtirok etish, keyinchalik Jamg‘arma ulushini 5 yil davomida realizatsiya qilish va boshqa maqsadlar ishlatiladi.