Xorazm viloyati Urganch tuman hokimi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Bekzod Abdrimov 1 iyul kuni mahalliy fuqarodan 5 mln so‘m miqdorida pora olayotgan vaqtda ushlandi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi xabar qildi.

Qo‘lga olish tadbiri Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti bilan birgalikda amalga oshirildi.

Bekzod Abrdaimov (1989 y. t.) 10 iyun kuni tuman hokimining iqtisodiy rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari v. b. etib tayinlangan edi. U 5 sotix hajmli tomorqa uchastkasiga egalik qilish huquqini beruvchi hokim qarorini chiqarishga yordamlashish uchun pul mukofotini olmoqchi bo‘lganda ushlangan.

Qo‘lga olingan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Mansab vakolatini suiiste’mol qilinishiga oid yana bir holat Andijon viloyatining Asaka tumanida ro‘y berdi. Bosh prokuratura huzuridagi departament hodimlari Asaka tuman hokimiyati qoshidagi korxona direksiyasi rahbari Shokir Mahkamovni tadbirkorga sanoat zonasida ishlab chiqarish uchun 0,2 gektarlik hududni ajratib berishga va’da qilgan. Buning uchun 1000 dollar va 6,45 mln so‘m talab qilgan.

Direksiya rahbari Asaka tumanidagi «Axtachi» mahallasi hududida pora olayotgan vaqtda ushlandi. Jinoiy ish qo‘zg‘atildi, dastlabki tergov boshlandi.

Video