Yaponiya hukumati 2019 yilda o‘zbekistonlik 15 nafar magistr va 5 nafar doktorning ushbu yurtda tahsil olishi uchun 262 million iyen (2,38 million AQSH dollariga yaqin) ajratdi. Bu haqda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi xabar berdi.

5 iyul kuni Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev va Yaponiya elchisi Nobuaki Ito «Kadrlar tayyorlash uchun stipendiya ajratish» (JDS) loyihasi bo‘yicha notalar almashinuvini imzoladilar.

JDS dasturi yosh davlat xizmatchilariga yapon oliy o‘quv yurtlarida masgistrlik yoki doktorlik darajasini olishi uchun moliyaviy yordam beradi. Loyiha ishga tushgan 1999 yildan beri Yaponiyada o‘zbekistonlik 311 talaba ilmiy daraja oldi.