Qozog‘iston poytaxtidagi Mustaqillik saroyida 6 iyul kuni Ostona shahrining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan ushbu tadbirda ishtirok etdi, deya xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Davlat rahbari ushbu tarixiy sana bilan Qozog‘iston xalqi va Prezident Nursulton Nazarboyevni samimiy tabrikladi.

«Ostona shahri yangi, mustaqil va izchil rivojlanayotgan Qozog‘istonning yorqin timsolidir. Uning qiyofasida qozoq xalqining boy madaniyati va an’analari, zamonaviy arxitektura yutuqlari mujassam. Bu shahar yirik iqtisodiy va moliyaviy markaz, xalqaro forum va uchrashuvlar uchun qulay maydon hamdir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, 1994 yil 6 iyulda Qozog‘iston Oliy Kengashi mamlakat poytaxtini Olmaotadan Oqmolaga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. 1997 yil 10 dekabrda Prezident Nursulton Nazarboyevning farmoniga muvofiq Oqmola shahri Qozog‘istonning poytaxti deb rasman e’lon qilingan. 1998 yil 6 may kuni Oqmola shahrining nomi Ostona deb o‘zgartirilgan.2008 yili qabul qilingan qonunga muvofiq «6 iyul — Poytaxt kuni» davlat bayrami etib belgilangan.

Ostona shahrining 20 yillik tadbirlari yana bir samimiy muloqot maydoni bo‘ldi. Yubileyda Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ham qatnashdi.