Ravshan Ermatov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmatiga bergan intervyusida FIFA inspektorlari uning jahon chempionatidagi hakamligiga qanday baholagani haqida gapirib berdi.

FIFA hakamlar qo‘mitasi jahon chempionatining qolgan uchrashuvlarini boshqaradigan hakamlar ro‘yxatiga Ravshan Ermatovni kiritmadi. Ammo u mundialda 11 o‘yinni boshqargan holda, o‘z rekordini yangiladi.

Ermatovning so‘zlariga ko‘ra, u jahon chempionatining hakamlar rekordida O‘zbekiston nomi birinchi o‘rinda turishidan faxrlanadi.

Arbitrning aytishicha, u boshqargan Argentina — Xorvatiya (0:3) va Ispaniya — Marokash (2:2) o‘yinlari yengil bahslar sirasidan emasdi.

“Xudoga shukr, biz bu o‘yinlarni yaxshi, qo‘pol xatolarsiz o‘tkazdik. Inspektorlar bizning ishimizni yaxshi baholashdi va: „Biz bu o‘yinlarda 3−4 qizil kartochka bo‘ladi deb o‘ylagandik. Ammo sizlar o‘yinni adolatli, chetlatishlarsiz va jarohatlarsiz boshqardinglar“ deyishdi”, — dedi Ravshan Ermatov.

Hakam shuningdek o‘z yordamchisi Abduhamidullo Rasulovning jarohati haqida gapirdi. Ta’kidlash o‘rinli, Ravshan Ermatov brigadasiga mundialda ishini davom ettirishiga aynan shu jarohat xalal berdi.

“Afsuski, yordamchimning tizzasidagi eski jarohati yana o‘zini eslata boshladi. Bu jarohat unga to‘liq kuch bilan harakat qilish va maydonga chiqish imkonini bermadi. Tiklanish uchun ko‘p vaqt kerak. Jahon chempionatida esa vaqt chegaralangan”, — dedi u.