Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Qodir Jo‘rayev Kattaqo‘rg‘on Ichki ishlar boshqarmasi rahbari va shahar prokurorini ayol kishini tahqirlash holati bo‘yicha aybni o‘ziga olish va iste’foga chiqishni taklif qildi. U o‘zining ushbu fikrlarini Facebook tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.

“Shahar rahbarlari uchun iste’fo berish — eng oqilona yo‘l! Kattaqo‘rg‘on shahridagi mudhish hodisa faqat bir kishining aybi bilan sodir bo‘lmagan. Bunga shahardagi butun boshli tizim aybdor! Shunday vaziyatda shahar IIB boshlig‘i va shahar prokurori hamma aybni o‘z zimmalariga olib, iste’fo bersalar maqsadga muvofiq bo‘lardi”, — deydi u.

“Nima uchun deysizmi?! Shahar ahlining ishonchini oqlamaganliklari uchun; davlatimizning hozirgi siyosati mazmun-mohiyatini xodimlarga tushuntirib berolmaganliklari va ular ustidan nazoratni qo‘ldan boy berganliklari uchun; prezidentning topshiriqlari so‘zsiz bajarilishini ta’minlab bermaganliklari uchun; eng yomoni — millatimiz kelajagi bo‘lmish ayol zotining tahqirlanishiga yo‘l qo‘yib berganliklari uchun”, — deya ta’kidladi u.

Boshqa bir deputat — Liberal-demokratik partiyasi fraksiya a’zosi Rasul Kusherbayev yuz bergan voqea yuzasidan quyidagicha fikr bildirdi: “Ular o‘g‘ri deb gumon qilingan ayolni emas, butun boshli millatni, xalqni, davlatni yechintiribdilar. Qonunlarimizni, orimizni, erkak degan nomimizni oyoqosti qilibdilar… Hayf, hayf, hayf”.

3 iyun kuni soat 10:00 larda fuqaro N.T. Kattaqo‘rg‘on shahrining “Dehqon bozori"da bo‘lgan vaqtida shahar IIB xodimlari uni o‘g‘rilik qilganlikda gumon qilib, shahar IIB ma’muriy binosiga olib kelishgan. Shahar IIB tezkor vakili S.Umarov unga o‘g‘rilik qilish maqsadida bozorga kelganligini aytib, uni haqorat qilgan. So‘ng IIB ma’muriy binosining koridorida N.T. ning egnidagi barcha kiyimlarini yechishga majbur qilib, bu holatni o‘zi videotasvirga olgan. Ayol 22 iyunga kelibgina ushbu holat yuzasidan huquq-tartibot organlariga ariza yozadi. Videoyozuv “Ozodlik” radiosi tomonidan 4 iyul kuni internetga joylanganidan keyin mazkur holat yuz bergani barchaga ma’lum bo‘ldi.

Videoda yana bir ayolning ovozi eshitilgan. Biroq ishning detallari, jumladan, jabrlanganlar va ayblanuvchilar surishtiruv yakunlanganidan keyin ma’lum bo‘ladi, deya xabar berishdi “Gazeta.uz"ga Bosh prokuraturadan.

Kattaqo‘rg‘ondagi vaziyat yuzasidan bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva ham fikr bildirdi. Uning aytishicha, qo‘mita kelajakda bunday holatlar ro‘y bermasligi uchun IIV bilan muzokara o‘tkazmoqda. IIV o‘zining bayonotida “xodimlar orasida tasodifan paydo bo‘lgan"lar yuzasidan tozalash ishlari o‘tkazishga va’da berdi.