Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan San’at Umarovga nisbatan Samarqand viloyat prokuraturasining «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi ko‘rib chiqildi va qanotlantirildi.

Oliy sud matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 6 iyuldagi ajrimiga mufoviq ayblanuvchi San’at Umarovga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Avval xabar qilinganidek, 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIB binosi dahlizida tezkor vakil San’at Umarov va boshqalar ayol kishini o‘g‘irlik qilganlikda ayblab haqorat qilgan va yechinishga majburlagan. Umarov ushbu jarayonni videoga yozib olgan, tasvir keyinchalik «Ozodlik» radiosiga kelib tushgan. Samarqand viloyat prokuraturasi San’at Umarovga nisbatan jinoiy ish ochgan, tergov jarayoni davom etmoqda.

Ichki ishlar vazirligi San’at Umarovning ishdan bo‘shatilgani va ichki ishlar organlari safida «tozalash» ishlari olib borilishi haqida ma’lum qildi.