«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi 7 iyul kuni charter reys bilan futbol bo‘yicha Angliya terma jamoasining 240 nafar muxlisini Londondan Samaraga eltadi. Bu haqda tashuvchi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Xuddi shu kuni Angliya jahon chempionati ¼ finalida Shvetsiya jamoasi bilan uchrashadi. Reys Londonning Stansted aeroportidan Boeing 767 samolyotida amalga oshiriladi.

6 iyul kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari» Boeing 767 samolyotida dunyoning turli mamlakatlaridan bo‘lgan ishqibozlarni Fransiya va Urugvay o‘rtasidagi o‘yinga olib borish uchun Sochi-Qozon yo‘nalishi bo‘yicha charter reysini amalga oshirdi.

30 iyun kuni esa milliy aviatashuvchi Meksika terma jamoasi buyurtmasi bo‘yicha Boeing 787 Dreamliner samolyotida mazkur mamlakatning 230 nafar ishqibozini Moskvadan Mexikoga, 25 iyunda esa Boeing 757 samolyotida 185 nafar polshalik muxlisni Varshavadan Qozonga eltib qo‘ydi.

Kolumbiya Futbol federatsiyasi ham jahon chempionati-2018 davrida o‘zining terma jamoasi va hamrohlik qiluvchi xodimlarni tashish uchun «O‘zbekiston havo yo‘llari» samolyotlarini yolladi.