Shu yilning fevral oyida Amerikaga uyushtirgan safarimiz davomida juda ko‘plab maskanlar, ta’lim muassasalari, saylgoh va xiyobonlarda bo‘ldik. Jurnalistlar guruhida «Bog‘dod» telekanali xodimi — Eldor Eksanov ham bo‘lib, katta kamerani ko‘tarib olgan, nima qiziq ko‘rinsa tasvirga tushirardi, biz esa telefon yoki fotoapparatda ko‘rgan-kechirganlarimizni muhrlar edik. Ammo qayerga borsak ham bir masala doimiy eslatib turildi: bolalarni tasvirga olmang. Maktab yoki universitetlarda o‘quvchilarni tasvirga olishimizga ijozat berishmadi, mashg‘ulotlar jarayonini suratga olmoqchi bo‘lsak, avval sinf o‘quvchilaridan ijozat so‘rar edik, kim ro‘yxushlik bermasa, iltimos qilib bir chetdagi partaga o‘tqazilgandan keyingina asvirga olishga ruxsat bo‘lardi. Bolalar bog‘chasi oldidan o‘tayotganimizda esa barcha yozish uskunalarimizni o‘chirishimizni so‘rashdi. Bularning barchasi bolalar tasvirlarining turli yovuz maqsadli kishilar qo‘liga tushib qolishining oldini olish uchun edi.

O‘tgan yilning avgusida Oliy Majlis Senati «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi va hujjat shu yilning mart oyidan kuchga kirdi. Qonun bolalarni zararli axborotlar ta’siridan himoya qilishga qaratilgan, ammo bolalarning tasvirlarini OAV, internet va tarmoqlarda tarqalishining oldini olish orqali ularni ehtimoliy tashqi xurujlardan, ruhiy bosimlardan himoya qilish borasida yetarlicha ishlar qilinayotgani yo‘q. Televideniyeda bolalarni odatiy holda namoyish etish u yoqda tursin, internet kafelarda «qo‘lga tushgan» bolalar yuzlari ochiqchasiga namoyish etilganiga ko‘p bor guvoh bo‘ldik. Internet tarmoqlarida ham bolalarning tasvirlarini keragidan ortiq uchratish mumkin. Bunda har doim ham konfidensiallikka rioya qilinayaptimi, bolaning ota-onasi, vasiylarining ruxsati olinayaptimi? Ayrim hollarda esa hatto ruxsat berilsa ham bolalarning tasvirlari e’lon qilinmasligi kerak, deb o‘ylayman.

Bugun jurnalist Karimberdi To‘ramurod shu kunlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgan voqea — militsiya tezkor vakili tomonidan tahqirlanib, yechintirilgan kattaqo‘rg‘onlik ayol bolalarining tasvirlarini tarmoqda e’lon qildi. Bolalarning rasmlari tarqalib ketdi. Ehtimol ular hozir nimalar bo‘layotganini anglab yetganicha yo‘qdir, Karimberdi aka ham sof yaxshi niyatlarda bu ishni qilayotganiga zarracha shubham yo‘q, ammo bu holat kelgusida bolalarning kayfiyati, ruhiyati va kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. «Sen o‘sha yechintirilgan ayolning bolasimisan», deb kimdir so‘rab qolsa, nima deb javob berishadi?

Shu nuqtai nazardan qonunchilikka bolalarning tasvirlarini e’lon qilishni cheklash bo‘yicha o‘zgartishlar kiritilishi, agar bu me’yorlar mavjud bo‘lsa, amalda joriy etilishi ta’minlanishi kerak. Hech bo‘lmasa bolalarning yuzlari xira qilinishi, bekitilishi lozim. Bolalar har tomonlama — hatto konfidensiallik nuqtai nazardan ham davlat va jamiyat himoyasi ostida bo‘lishi, ular huquqlari kafolatlanishi shart.

Sanjar Said, bloger