O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA.

Katta maqsadlar bilan tuzilgan Yoshlar ittifoqi yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlashga, ularning muammolarini hal etishga yetarlicha e’tibor bermayapti. Tashkilot o‘tkazayotgan ayrim tadbirlar dabdababozlik, o‘zini «ko‘z-ko‘z» qilishga o‘xshab qolayapti, dedi davlat rahbari.

Joylardagi 4 sektor rahbarlarining aksariyati hali yoshlar masalasi bilan faol shug‘ullanmayapti. Ichki ishlar idoralari, mahalla qo‘mitalari, boshqa jamoatchilik tashkilotlari va ta’lim muassasalarining bu boradagi ishlari qoniqarsiz. Tuman va shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari jonbozlik ko‘rsatayapti, deb bo‘lmaydi. Aksincha, bu mas’ul lavozimlar ayrim hollarda vakant bo‘lib qolmoqda, deya davom ettirdi prezident.

Buning oqibatida yoshlar jinoyatga qo‘l urishining oldi olinmayapti. Joriy yilning o‘tgan davrida sodir etilgan 17,5 ming jinoyatning qariyb 31 foizi yoshlar hisobiga to‘g‘ri kelishi buning tasdig‘idir. Mamlakat bo‘yicha jinoyat sodir etgan 22 ming shaxsning 11 ming nafarini yoshlar tashkil etib, bu ko‘rsatkich Andijon, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida, ayniqsa, yuqoriligicha qolmoqda.

Qashqadaryo viloyatida jinoyat sodir etgan yoshlarning 70 foizini o‘qimaydigan va ishlamaydiganlar tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Andijon viloyatida 57, Surxondaryo viloyatida 43, Jizzax viloyatida 42 foizga teng.

Afsuski, nafaqat uyushmagan yoshlar, balki kollej va maktab o‘quvchilari orasida ham jinoyatlarni sezilarli darajada kamaytirish ta’minlanmayapti. Joriy yilning o‘tgan davrida jami 371 o‘quvchi jinoyat sodir etgan. Kollej o‘quvchilari jinoyatlari soni Sirdaryo, Jizzax, Namangan va Samarqand viloyatlarida keskin oshgan. Maktab o‘quvchilari jinoyati asosan Jizzax, Navoiy, Buxoro, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi.

Xorazm, Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida voyaga yetmaganlar tomonidan qotillik jinoyatlari sodir etilgani yanada ayanchlidir.

Joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent shahrida boshqa viloyatlardan kelib, qarovsiz va nazoratsiz yurgan 1 ming 700 ga yaqin voyaga yetmaganlar aniqlangan, ularning 500 nafari maktab va 670 nafari kollej o‘quvchilaridir.

Shu munosabat bilan Yoshlar ittifoqi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbarlariga yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish, qarovsizlik va nazoratsizlikning oldini olish, ular o‘rtasida jinoyatlarni keskin qisqartirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Yoshlar o‘rtasidagi muammolar, jumladan, jinoyatchilikning ildizi aksar hollarda ishsizlikka borib taqaladi. Joylarda yoshlarning bandligini ta’minlash borasida jiddiy muammolar mavjud. 1 ming 700 dan ziyod mehnat yarmarkasi o‘tkazilganiga qaramay, ularda ishtirok etgan yoshlarning atigi 5 foizigina ishga joylashtirilgani, so‘nggi bir yilda 509 ming nafar yoshlar uzoq muddatga chel ellarga chiqib ketgani ishga mas’uliyatsiz yondashuvdan dalolat beradi.

Yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilishimiz kerak, dedi davlat rahbari. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida yaqinda «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi tasdiqlandi va uni barcha tuman va shaharlarda amalga oshirish boshlandi.

Farzand tarbiyasi va yurish-turishidan ogoh bo‘lmasak, ularni ilmu-hunarga o‘rgatmasak, ko‘zi mehnatda qotmasa, munosib ish topib bermasak, ularni zararli ta’sirlardan himoya qilish qiyin bo‘ladi, dedi prezident.

Tadbirda voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida erta turmush va tug‘ruqlar soni ko‘paygani bilan bog‘liq muammolar ham muhokama qilindi. Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashi, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi vazirliklariga bu yo‘nalishdagi ishlarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish va ta’sirchan chora-tadbirlarni belgilash vazifasi topshirildi.