2019 yilning 1 yanvaridan 40 ming AQSH dollari ekvivalentidagi, ishlab chiqarilganiga ikki yildan ko‘p vaqt o‘tmagan yengil avtomashinalar uchun nol stavkadagi import boji to‘lanishi amalga tatbiq etiladi. Shu bilan birga aksiz solig‘i bojxona qiymatining 20 fozini tashkil qiladi.

Bu prezidentning 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida o‘z aksini topgan.

Hujjatda shuningdek elektromobillar — faqatgina elektr dvigatel yordamida harakatni amalga oshiruvchi tarnsport vositalari (TN VED 870380 kodli) uchun ham nol stavkada bojtizimi belgilandi.

40 ming dollarlik avtomobillar va elektrokarlarning taxminiy bojxona to‘lovi qancha bo‘ladi (bojxona qiymatiga qo‘shiladigan bojxona chegarsigacha olib kelish xarajatlarisiz)?

Benzin dvigatelli avtomobil

Narxi 40660 dollar bo‘lgan biznes-klassdagi Lexus IS sport avtomobilini olib kelinishi variantini ko‘rib chiqamiz.

Zudlik bilan aksiz solig‘i (20 foiz) va bojxona qiymatidan hisoblanadigan (avto+aksiz+olib kelish xarajati narxlari) qo‘shimcha qiymat solig‘i (20 foiz) to‘lanadi.

Aksiz: 40000×20% = 8000.

QQS: (40000 + 8000) x 20% = 9600.

Hammasi bo‘lib: 8000 + 9600 = 17600.

Elektrokar

Misol tariqasida narxi 35 ming AQSH dollari bo‘lgan Tesla Model 3 elektromobilini olamiz.

QQS: 35000×20% = 7000.

Ta’kidlash o‘rinli, qo‘shimcha ravishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun (bojxona narxidan 0,2 foiz. Ammo u 25 dollardan kam bo‘lmaydi va 3000 dollardan ko‘p bo‘lmaydi) va Respublika yo‘l jamg‘armasi uchun 3 foizlik yig‘im undiriladi.

Boshqa avtomobillarni import qilish bo‘yicha bojxona yig‘imi va aksiz solig‘i stavkalari deyarli o‘zgarmadi.