O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Qattaqo‘rg‘on IIB tezkor vakili San’at Umarovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tafsilotlarini e’lon qildi.

Xabarda qayd etilishicha, 22 iyun kuni fuqaro N.T. Samarqand ariza bilan murojaat qilib, 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili S.Umarov va boshqalar uni shahar IIB binosida haqorat qilib, yechintirishga majbur qilishganini bildiradi.

Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda 3 iyun kuni soat 10:00 larda fuqaro N.T. Kattaqo‘rg‘on shahrining «Dehqon bozori"da bo‘lgan vaqtida shahar IIB xodimlari uni o‘g‘rilik qilganlikda gumon qilib, shahar IIB ma’muriy binosiga olib kelishgani aniqlangan. Shahar IIB tezkor vakili S.Umarov unga o‘g‘rilik qilish maqsadida bozorga kelganligini aytib, uni haqorat qilgan. So‘ng IIB ma’muriy binosining koridorida N.T. ning egnidagi barcha kiyimlarini yechishga majbur qilib, bu holatni o‘zi videotasvirga olgan.

4 iyul kuni Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Kattako‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili S.Umarovga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda S.Umarov ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahar IIBda mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.