Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva o‘zining Feysbukdagi sahifasi orqali Kattaqo‘rg‘on tumani IIB tezkor vakilining fuqaro N.T.ga nisbatan zo‘ravonlik qilganiga munosabat bildirdi.

«Samarqandlik ayol bilan bo‘lgan voqea — bu albatta, hech qaysi odob va axloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Avvalo gap „erkak“ tarbiyasining darajasi to‘g‘risida bo‘lishi kerak», — deya boshlaydi Narbayeva o‘z murojaatnomasini.

Shuningdek u bu masalada Ichki ishlar vazirligi tizimini ayblamasligini bildiradi: «Bu holat mutlaqo ichki ishlar idoralari faoliyatiga daxldor emas, aksincha, bu nufuzli vazirlik o‘z saflarini nopok, qo‘pol xodimlardan tozalayapti».

U o‘z so‘zi davomida ayollarni himoya qilish borasida qo‘mitaning pozitsiyasini ma’lum qilgan: «Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi ayollar bilan, u qanday xato qilib qo‘yganidan qat’i nazar, bunday munosabatda bo‘lishga mutlaqo qarshi! Biz barcha ayollarimizni himoya qilish borasida o‘z faoliyatimizni olib bormoqdamiz. Hozirgi kunda oilada, mehnat jamoasida, ko‘cha-kuyda ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘lsa, biz albatta uni himoya qilamiz», — deydi Tanzila Narbayeva.

Bu borada har bir tuman va shaharda ayollarga yordam beradigan markazlar tashkil qilinmoqda, shu bilan birga zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan maxsus qonun yaratilishi ustidan ham ish olib borilmoqda.

«Mazkur voqea barcha xotin-qizlarimizning nafratini uyg‘otdi, buni ijtimoiy tarmoqlardagi qizg‘in muhokamalar ko‘rsatmoqda. Biz Bosh prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgan tergov ishi yakunlarini kutamiz va shu ayolning muammosi bilan albatta shug‘ullanamiz», — deya o‘z so‘zini yakunlaydi Narbayeva.

Eslatib o‘tamiz, 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili S.Umarov va boshqalar fuqaro N.T.ni shahar IIB binosida haqorat qilib, yechintirishga majbur qilgan. 4 iyul kuni IIB xodimining ayolni tahqirlagani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingach, jamoatchilikning keskin noroziligi va e’tirozlariga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi IIB tezkor xodimi qo‘lga olingani va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.