O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 iyul kuni «O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar:

  • tegishli litsenziya asosida O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha;
  • akkreditatsiyadan o‘tgan holda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan O‘zbekiston fuqarolarining kasbiy malakasini, jumladan, kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish va xorijiy tillarni bilish darajasini tasdiqlash borasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Quyidagilar jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

  • xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo‘ravonlik, majburiy mehnat va kamsitishdan jabrlangan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablag‘siz qolgan fuqarolarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, ularga moddiy yordam ko‘rsatish;
  • mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda jarohatlanish, baxtsiz hodisa sababli tibbiy xizmat ko‘rsatish talab etilgan fuqarolarga, ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar haqini mehnat migranti hisobidan to‘lash imkoniyati bo‘lmagan hollarda to‘langan mablag‘lar ushbu fuqarolar tomonidan keyinchalik qoplab berilishi sharti bilan, tibbiy xizmat ko‘rsatish;
  • ishga joylashgan davlatning tegishli muassasalari tomonidan tasdiqlangan hollarda respublikadan tashqarida mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini, shuningdek, xorijdagi mehnat faoliyati vaqtida mehnat qobiliyatini yo‘qotishga olib kelgan shikastlanish yoki jiddiy jarohatlangan fuqarolarni olib kelish;
  • mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga tashkillashtirilgan tarzda ilgari yuborilgan va ishga joylashgan mamlakatning qonun hujjatlarini buzish oqibatida ushbu mamlakat hududidan chiqarib yuborilgan (deportatsiya qilingan) fuqarolarni, to‘langan mablag‘lar ushbu fuqarolar hisobidan keyinchalik qoplab berilishi sharti bilan, shuningdek, kelishilgan mehnat sharoitlari chet ellik ish beruvchilar tomonidan ta’minlab berilmagan fuqarolarni qaytarish;
  • respublika hududlarida xorijga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarni ketishdan oldingi moslashtirish, kasbiy tayyorlash, xorijiy tillarga o‘qitish va bilim darajasi yuzasidan test sinovlari o‘tkazish, fuqarolarning kasbiy malakasini tasdiqlash markazlarini tashkil etish hamda jihozlash;
  • xorijda Agentlikning vakolatxonalarini tashkil etish va jihozlash;
  • norasmiy mehnat migratsiyasining oldini olishga qaratilgan, fuqarolarni xorijda ishga tashkillashtirilgan tarzda joylashtirish tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha axborot-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish.

Davlat byudjetidan jamg‘arma uchun 200 milliard so‘m miqdoridagi bir martalik beg‘araz moliyaviy yordam ajratiladi.

Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarga Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga eng kam ish xaqining to‘rt yarim baravari miqdorida yillik sug‘urta to‘lovlarini ixtiyoriy ravishda to‘lash tartibi joriy etiladi, bunda to‘lovlar amalga oshirilgan davrlar belgilangan tartibda mehnat stajiga qo‘shiladi.