O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi payshanba kuni kechqurun Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tuman IIBda tezkor vakil San’at Umarov tomonidan ayol kishining tahqirlanishi bo‘yicha rasmiy bayonotini e’lon qildi.

So‘nggi kunlarda eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan hodisaga avvalroq Bosh prokuratura va bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva izoh bergan edi.

«Hech bir jamiyatda inson qadr-qimmati tahqirlanmasligi, har qanday sharoitda ham inson sha’ni qadrlanishi, uning huquqlari to‘la kafolatlanishi belgilangan. Lekin, ba’zi bir nopok xodimlar tomonidan qonun buzilishi holatlari sodir etilayotgani juda ham achinarli», — deyiladi IIV matbuot xizmati nomidan e’lon qilingan bayonotda.

Unda g‘ayriaxloqiy xatti-harakatga qo‘l urgan xodim shaxsi tasdiqlanib, «bugungi kunda San’at Umarov ichki ishlar organlaridan salbiy harakatlari uchun bo‘shatilgan», — deyiladi.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan bunday salbiy holatlarni aniqlash, oldini olish va ichki ishlar organlari saflarini nopok, tasodifan kirib qolgan xodimlardan tozalash maqsadida, doimiy ravishda keskin choralar ko‘rib boriladi», — deyiladi bayonotda.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 3 iyun kuni bo‘lib o‘tgan, jabrlanuvchi esa huquqni muhofaza qilish organlariga 22 iyunda ariza bilan murojaat qiladi. Hodisa haqida esa 4 iyulda San’at Umarovning o‘zi tomonidan tasvirga olingani aytilayotgan videoyozuv «Ozodlik» radiosi tomonidan e’lon qilinganidan so‘ng ma’lum bo‘ldi.