15 iyuldan O‘zbekiston hududi orqali mamlakatlar xalqaro aeroportlariga tranzitni amalga oshirayotgan 101 davlat (to‘liq ro‘yxat) fuqarolari uchun besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda mamlakatga vizasiz kirish, vaqtincha bo‘lish va o‘tkazish punktlari orqali chiqib ketish tartiblari joriy etilmoqda. Buprezident Shavkat Mirziyoyevning 4 iyuldagi «Chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasiga kirish tartiblarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Bunda ularda uchinchi davlatga chiptalar bo‘lishi hamda tashuvchi O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bo‘linmalariga o‘z vaqtida yo‘lovchilar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlarni taqdim etishi lozim.

16 yoshga to‘lmagan chet el fuqarolarining O‘zbekistonga vizasiz kirishi, vaqtincha bo‘lishi va mamlakatdan chiqib ketishi ularda xorijga chiqish pasporti yoki biometrik safar hujjati mavjud bo‘lsa, ular qonuniy vakillari hamrohligida bo‘lsa, hamrohlik qiluvchi shaxs pasportida kirish vizasi muddati amalda bo‘lgan taqdirda O‘zbekistonga kirgan vaqtdan 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda joriy etiladi.

Chet el fuqarosi O‘zbekiston hududida bo‘lgan vaqtda 16 yoshga to‘lgan taqdirda, ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida kirish vizasi rasmiylashtiriladi.