Toshkentda Ohangaron shossesida joylashgan Rohat aylanma yo‘lini yangilash bo‘yicha ishlar boshlandi, deya xabar qildi poytaxt hokimiyati matbuot xizmati.

Uch kun ichida aylanma yo‘lida o‘tish qismini besh yo‘lakli qilib kengaytirish orqali chorrahaning o‘tkazuvchanligini oshirish rejalashtirilmoqda.

Aylanma yo‘lining e’lon qilingan loyihasiga ko‘ra, uning ikki tomonida «Welcome to Tashkent» va «Tashkent loves you» yozuvlari, markazda esa soat o‘rnatiladi. Aylanma yo‘l chetlariga esa gullar ekilib, o‘tloqni yangilash, piyodalar yo‘laklarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.

Xabarda keltirilishicha, Toshkentga boshqa hududlardan har kuni 4000 dan ortiq avtomobillar kelib-ketmoqda.

Avvalroq 4 iyul kuni Ohangaron shossesining Husayn Bayqaro ko‘chasidan Rohat aylanma yo‘ligacha qismi vaqtincha yopilishi haqida xabar qilingan edi.