Hukumatning 3 iyuldagi qarori bilan fuqarolar yig‘ining «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi faoliyati takomillashtirildi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, jamoatchilik tuzilmasiga rahbar lavozimiga nomzodlar qoida tariqasida, oliy ma’lumotli, tegishli hududda doimiy yashayotgan, tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari orasidan tanlanadi.

Ichki ishlar organlari xodimlariga qo‘yilgan talablarga to‘g‘ri keladigan «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi rahbari va uning a’zolari fuqarolar yig‘ini raisi hamda profilaktika inspektori tavsiyanomasiga ko‘ra ichki ishlar organlari kadrlar zaxirasiga kiritiladi.

Shuningdek, ichki ishlar organlari kadrlar zaxirasiga kiritilgan jamoatchilik tuzilmasi rahbari va uning a’zolari sifatida kamida bir yil mobaynida namunali faoliyat olib borgan shaxslar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kasbiy tayyorgarlik fakultetiga o‘qishga hamda ichki ishlar organlari xizmatiga ustunlik asosida qabul qilinadi.

Bundan tashqari, «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi rahbari lavozimga tayinlangan so‘ng unga belgilangan tartibda guvohnoma, ko‘krak nishoni, xizmat kiyimi va xizmat sumkalari beriladi.