O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov 3 iyun kuni Lozannada (Shveysariya) Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari Tomas Bax bilan ilk bor rasmiy uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar beradi MOQ matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov O‘zbekistonda olimpiya harakatini rivojlantirish haqida fikr bildirdi. Tomas Bax qo‘yilgan vazifalar bajarilishi uchun O‘zbekistonga mutaxassis yuborishga va’da berdi.

Umid Ahmadjonov uchrashuvda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tarkibiga O‘zbekistondan o‘z ovozi va saylash huquqiga ega a’zoni tarkibga kiritish masalasini ko‘tardi. XOQning Rio-de-Janeyroda o‘tgan 129-sessiyasida hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan sakkiz nafar yangi a’zo saylangandi va hozirda ularning soni 98 kishini tashkil etadi.

Tomas Bax esa o‘z navbatida XOQning 2019 yilgi yig‘ilishida Umid Ahmadjonov nomzodini Ijroiya qo‘mitasi a’zoligiga taqdim etishga va’da berdi.

Lozannaga tashrifi davomida Umid Ahmadjonov «Olimpiya birdamligi» dasturi rahbari Pere Miro, shuningdek, XOQning bir necha departament rahbarlari bilan ham uchrashdi va hamkorlikda yangi loyihalar, seminar-treninglar o‘tkazish masalasida kelishuvga erishdi.