O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha davra suhbati o‘tkazdi. Tadbirda Malayziya sayyohlik kompaniyalari va turistik operatorlari uyushmasi (MATTA) hamda mazkur mamlakatdagi yetakchi sayyohlik agentliklari rahbarlari ishtirok etdi, deya xabar qildi O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi.

Elchi Ravshan Usmonov ishtirokchilarni nafaqat islom, balki xristian va buddizm dini vakillarini ham o‘ziga jalb qila oladigan o‘ziga xos koloritga ega tarixiy va madaniy meros ob’ektlari bilan tanishtirdi.

10 fevral kuni O‘zbekiston Malayziya fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz tartibni joriy etdi. Sinov tariqasida al-Aqso masjidiga (Falastin) otlanuvchi ziyoratchilar uchun ikki kun O‘zbekistonda bo‘lish ko‘zda tutilgan Kuala-Lumpur — Toshkent — Tel-Aviv yo‘nalishi bo‘yicha ikki haftalik hamda uch kun O‘zbekistonda sayohat qilish ko‘zda tutilgan Kuala-Lumpur — Toshkent — Moskva — Sankt-Peterburg — Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha loyihalar ishga tushirilgan.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida ochilishi rejalashtirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar malayziyalik ziyoratchilar uchun besh kun O‘zbekistonda bo‘lish mo‘ljallangan Kuala-Lumpur — Toshkent — Jidda yo‘nalishini taklif etish imkoniyatiga ega ekani qayd etildi.

Avgust oyi boshida O‘zbekiston turistik kompaniyalari vakillarining amaliy uchrashuvlar o‘tkazish uchun Malayziyaga tashrifi rejalashtirilgan. Sentyabrda esa O‘zbekiston vakillarining Malayziyadagi MATTA FAIR 2018 xalqaro yarmarkasida ishtirok etishi kutilmoqda.

O‘z navbatida, Malayziya turagentliklari 3−5 oktyabr kunlariga belgilangan «Ipak yo‘lida turizm» Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasida ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.