Tashqi internet kanallariga ulanish tezligi sekundiga 140,034 Gbitga yetdi. Yil boshida bu ko‘rsatkich 94,034 Gbit/s edi.

Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining birinchi yarimyillikka bag‘ishlangan hay’at yig‘ilishida aytib o‘tildi, deya xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Ta’kidlanganidek, 690 km optik tolali aloqa tarmoqlari yotqizildi, mobil operatorlarning 1004 ta baza stansiyalari o‘rnatildi, ularning 483 tasi 3G hamda 4G LTE texnologiyasida xizmat ko‘rsatadi. Ayni kunda yurtimiz bo‘ylab 24,5 ming km optik tolali aloqa tarmoqlari o‘tkazilgan, jami 21 mingga yaqin baza stansiya o‘rnatilgan.

Birinchi yarim yillikda Mirzo Ulugbek Innovation Center (MUIC) Innovatsiya markaziga 176 ta kompaniya a’zo bo‘ldi. Ularning umumiy soni bugungi kunda 319 taga etdi. Bu kompaniyalarda jami 2600 nafar xodim mehnat qiladi.

Yil oxiriga qadar tashqi internet kanallarining o‘tkazuvchanligini 8−10 barobar oshirib, sekundiga 1 Tbit.ga yetkazish rejalashtirilgan. Vazirlik xalqaro telehauslarga ulanish, turli yo‘nalishlar bo‘yicha yangi marshrutlarni bosqichma-bosqich tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Mamlakat bo‘ylab 2 ming km.lik optik tolali aloqa tarmoqlarini tortish ko‘zda tutilgan.