O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Qarorda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi:

  • kriptoaktivlar aylanmasi, jumladan mayning (taqsimlovchi platformalarni qo‘llab-quvvatlash va yangi birliklar formatida mukofotlar va turli kriptovalyutalarda komission yig‘imlarni olish imkoniyati bilan yangi bloklarni yaratish bo‘yicha faoliyat), smart-shartnomalar (huquq va majburiyatlarni avtomatlashtirilgan tartibda raqamli tranzaksiyalar yo‘li bilan amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi elektron shakldagi shartnoma), konsalting, emissiyalar, almashinuv, saqlash, taqsimlash, boshqarish, sug‘urtalash, kraudfanding (jamoaviy moliyalashtirish), hamda investitsion va tadbirkorlik faoliyatinining turli shakllarini diversifikatsiyalash uchun «blokcheyn» texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirish;
  • «blokcheyn» texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash;
  • Kriptoaktivlar va «blokcheyn» texnologiyalar bo‘yicha faoliyat sohasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotdagi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish uchun «blokcheyn» texnologiyalarni ishlab chiqish sohasida yuqori malakali chet ellik mutaxassislarni jalb qilish;
  • Xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini hisobga olgan holda «blokcheyn» texnologiyalarni joriy etish uchun zarur huquqiy bazani yaratish;
  • Raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish sohasida davlat organlari va xususiy tadbirkorlarning o‘zaro yaqin aloqalarini ta’minlash.

Hujjatga ko‘ra, prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirishda vakolatli organ hisoblanadi. Agentlik blokcheyn joriy etiladigan faoliyat sohalarini belgilab beradi. Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyot va blokcheynni joriy etish va rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar majburiy tartibda agentlik ekspertizasidan o‘tkazilishi lozim.

Yuridik va jismoniy shaxslar, jumladan norezidentlarning kriptovalyutalar aylanmasi bilan bog‘liq operatsiyalari soliqqa tortiladigan ob’ektlar hisoblanmaydi, mazkur operatsiyalardan olinadigan daromadlar esa soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha soliqqa tortiluvchi bazaga kiritilmaydi.

Tegishli litsenziyaga ega shaxslar tomonidan amalga oshiriluvchi kriptoaktivlar aylanmasi bilan bog‘liq valyuta operatsiyalariga valyutani boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilik qonunchilik me’yorlari tatbiq etilmaydi.