Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudida sudlanuvchi Zokir Aliyevga (1972 yilda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tug‘ilgan, AQSH fuqarosi, muqaddam sudlanmagan) nisbatan sud jarayoni yakuniga yetib, hukm o‘qib eshittirildi. Bu haqda Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, AQSHda istiqomat qiluvchi Zokir Aliyev qarindoshlarining taklifi bilan O‘zbekistonga kelganida, terroristik tashkilotga a’zolikda gumon qilinib qo‘lga olingan edi. Keyinchalik uning ozod qilingani haqida xabar tarqaldi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, Zokir Aliyevni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1 qismi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244−2-moddasi 1 qismi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topdi.

«Sud O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va jinoyat qonunchiligida o‘zining teran ifodasini topgan insonparvarlik, bag‘rikenglik va adolat tamoyillaridan kelib chiqib, sudlanuvchilarga jazo tayinladi», — deyiladi Oliy sud xabarida.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi 2000 yildan keyin O‘zbekiston Respublikasiga kelgunga qadar qariyb 18 yil davomida jinoiy faoliyat bilan boshqa shug‘ullanmaganligini inobatga olib Z. Aliyevga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57 (yengilroq jazo tayinlash) va 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) moddalarini qo‘llagan holda eng kam oylik ish haqining 600 barobari — 1,05 mln so‘m miqdorida (amaldagi qonunchilikka ko‘ra, jinoyat sodir etilgan vaqtda EKIH 1750 so‘m bo‘lgani hisobga olingan — tahr.) jarima jazosi tayinladi.