O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 26−29 iyun kunlari Minskda (Belarus) bo‘lib o‘tgan MDHga a’zo davlatlar do‘stona armiyalari o‘rtasidagi spartakiadada ishtirok etdi.

Ko‘p kurash harbiy sport kompleksida Belarus (ikki jamoa), Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston armiyalari harbiy xizmatchilari qatnashdi.

O‘zbekiston vakillari turnir mezbonlari — Belarusdan keyingi ikkinchi o‘rinni band etdi. Uchinchi o‘rin esa Qozog‘iston jamoasiga nasib etdi.

Ishtirokchilar 100 va 3000 metrga yugurish, uzoqlikka granata uloqtirish, turnikda tortilish, to‘siqli yo‘laklarni 400 metrga yugurish bilan birgalikda o‘tish kabi harbiy kompleks mashqlarni yakka va jamoa tarkibida bajardi.

Musobaqada podpolkovniklar Mansur Mamadaminov va Bahodir To‘xtanazarov boshchiligidagi Mudofaa vazirligi jamoasi yuqori jismoniy tayyorgarliklarini namoyish qildi. Kichik serjant Isoqjon Rustamov yagona to‘siqli yo‘laklarni 400 metrga yugurish bilan o‘tishda 2 daqiqayu 13 soniya natija qayd etib, nufuzli musobaqada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va harbiy kiyimda (avval mashqlar sport formasida bajarilgan) musobaqa rekordini o‘rnatdi.

Leytenantlar Shoxruh Nizomov, Faxriddin Mamarizayev, kichik serjant Isoqjon Rustamov hamda Umid Ahmadjonov «Harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha sport ustasi» va Abbos Isxaqov «Harbiy-amaliy sport turlari bo‘yicha sport ustaligiga nomzod» talablarini bajardi.