Prezidentning 27 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori bilan konsepsiyaning ustuvor vazifalari va amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar tarqatdi.

Mazkur konsepsiyaning amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, unda oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, qiyin hayotiy sharoitga ega oilalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida olish maqsadida «Oila» markazining yagona idoralararo axborot bazasini yaratish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, oilaviy biznesni, oilalarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada rivojlantirish, Oila kodeksining oilaviy huquqiy munosabatlarning javobgarlik mezonlarini aniqlash, alimentlarni belgilash, ajrashish vaqtida ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga oid normalarini yanada takomillashtirish, ko‘p bolali va muhtoj oilalarga imtiyozli kreditlar (ipoteka, iste’mol va boshqalar) berish va yer maydonlarini taqdim etish va boshqalar ham nazardan chetda qolmagan.

Konsepsiyada nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish tizimini takomillashtirish, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning, tug‘ma nuqsonlar bilan bolalar tug‘ilishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish masalasiga ham ahamiyat berilgan.

Hujjatda ijtimoiy himoyaga ham e’tibor qaratilgan bo‘lib, voyaga yetmagan yoki nogironligi bo‘lgan farzandlarni tarbiyalayotgan yolg‘iz va ko‘p bolali ota-onalarga yer uchastkalaridan samarali foydalanishida ko‘maklashish, ota-onalar uchun nogironligi bo‘lgan farzandlarni to‘g‘ri parvarishlash va tarbiyalash bo‘yicha metodik hamda amaliy qo‘llanmalarni ishlab chiqish, patronaj va ijtimoiy xizmatlar yordamida ularning ko‘nikmalarini oshirish va boshqalar ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, oilalarda ichki oilaviy va shaxsiy munosabatlarni, xususan ota-ona va farzandlar, er va xotin, qaynona va kelin o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash, oilada mojaroli va og‘ir turmush sharoitlarini amaliy hal qilish mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Konsepsiya va «Yo‘l xaritasi"ni amalga oshirish jarayonining muvofiqlashtirilishi va monitoringi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi zimmasiga yuklatildi.

2019 yildan boshlab har yili 15 mayda O‘zbekistonda Xalqaro oila kuni nishonlanadi. Hukumat farmoyishining tegishli loyihasi joriy yil 1 sentyabrgacha Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.